Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida 2027-yilgacha O‘zbekistonda shaharsozlikni kompleks rivojlantirish dasturi amalga oshiriladi. Tegishli qaror bilan Lex.uz saytida tanishish mumkin.
O‘tgan yilning oktabr oyida e’lon qilingan dastur doirasidagi tadbirlar aholining turmush tarzi va ijtimoiy himoyasini yaxshilashga qaratilgan. Bu uch viloyatda — Jizzax, Xiva (Xorazmdagi) va Yangiyer (Sirdaryo viloyati) shaharlarida kuzatilmoqda.
OTB dasturni amalga oshirish uchun $59 mln ajratadi, shundan $500 mingi grant asosida, qolgani yillik 2% miqdorida ajratiladi.
Shuningdek, loyihani amalga oshirishga xaridlar uchun beriladigan imtiyozlar $8,6 mln.ni tashkil etadi.
Dastur to‘rtta komponentni o‘z ichiga oladi. Ularning birinchi va eng yirik qismi sifatida shahar infratuzilmasini yaxshilash va xizmat ko‘rsatish sohasini rag‘batlantirish uchun $24,5 mln ajratiladi.
Ularning yarmiga yaqini ($12,1 mln) Jizzax shahridagi “Ittifoq”, “Do‘stlik” va “Yoshlik” mahallalarini obodonlashtirishga yo‘naltiriladi.
Yangiyer shahrida istirohat bog‘i va kovorking markazi uchun $6,6 mln, Xiva Polvon kanali qirg‘og‘ini obodonlashtirish va sayyohlik markazi qurilishi uchun $5,2 mln ajratiladi.
Shuningdek, $19,2 mln suv ta’minoti va gigiyena holatini yaxshilash uchun yo‘naltiriladi.
Mazkur mablag‘ning asosiy qismi ($18,6 mln) Jizzax shahridagi suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilishga mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, OTB barcha uch shaharda chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilishni modernizatsiya qilish uchun $5,5 mln ajratishni rejalashtirmoqda.
Yangiyer shahri yaqinida bank mablag‘lari hisobidan yana $1,04 mln.ga qattiq maishiy chiqindilarni tashish stansiyasi quriladi.
Shu bilan birga, $6,07 mln “institutsional salohiyatni oshirish va rivojlantirish"ga yo‘naltiriladi. Dasturni amalga oshirish jarayonida moliyaviy xarajatlarni qoplash uchun $3,1 mln ajratiladi.
Qaror bilan kreditni qaytarish jadvali ham tasdiqlangan. Besh yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda, 2047-yil oxirigacha to‘liq qoplanishi kutilmoqda.
Avvalroq OTB “Masdar” kompaniyasining O‘zbekistondagi uchta quyosh elektr stansiyasi loyihasi uchun jami $102 mln yo‘naltirishi haqida xabar berilgandi.