Firuz Allayev 1989-yil Buxoroda tavallud topadi. Avval O‘zbekiston jahon tillari universitatining tarjimonlik fakultetida, so‘ngra Fransiyadagi Xalqaro siyosiy tadqiqotlar institutida ta’lim oldi.

Fransiyada o‘qigan davrida Firuz Yevropada internet-do‘konlar juda katta tezlikda rivojlanayotganining guvohi bo‘ladi. Aholining deyarli 90%i xaridlarni hamyonbop narxlarda onlayn-maydonlar orqali amalga oshirar edilar.

O‘zbekistonga qaytgach esa, bunday xizmat umuman yo‘qligidan hayron bo‘lib, interenet-do‘kon ochishga qaror qiladi. Shu tarzda 2014-yil “Asaxiy” yaraladi.

“Spot” tadbirkor bilan birgalikda qanday qilib noldan onlayn-do‘kon ochish mumkin, dastlabki investitsiyalar va o‘zini oqlash muddatlari qandayligini tushuntiradi.


Ishni nimadan boshlash kerak?

Avvalo, siz nimani sotishingizni hal qilishingiz kerak. Hozirda barqaror talabga ega bo‘lgan toifalarga kiyim-kechak va poyabzal, elektronika va maishiy texnika, smartfonlar, kompyuter texnikasi, kitoblar va ish yuritish buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalar kiradi.

Esda qolarli nom yaratish ustida ishlashni unutmang — butun biznesning mashhurligi shunga bog‘liq. Brend nomi 7 tagacha harfdan iborat bo‘lgani va o‘zbek tiliga yaqin nom bo‘lgani yaxshi — bu auditoriya uchun talaffuz qilish va eslab qolishda oson bo‘ladi.

Hozirda ko‘pchilik ingliz tilidagi so‘zlarni qo‘yishmoqda, buni noto‘g‘ri deb hisoblayman.

Saytni yaratish

Sayt uchun siz professional dasturchi topishingiz yoki tayyor saytlarni biznesingizga moslashtira oladigan mavjud ishlab chiqilgan tizimlardan foydalanishingiz kerak bo‘ladi. Bu ancha arzonga tushadi.

Sayt bu faqat bizga ko‘rinadigan qism, lekin uning ortida sizning ish jarayoningizni avtomatizatsiya qilib tashkillashtirib beradigan dasturlar bor. Masalan, CRM (mijozlar buyurtmalarini tartibga solib beradigan baza), “buxgalteriya va sklad” kabilar.

Tadbirkorlikka endi kirib kelayotganlarga 1C yoki “moy sklad” kabi sodda dasturlardan foydalanishni maslaxat beraman.

Boshlang‘ich harajatlar

Sayt yaratishga $2000 dan $25000 gacha ketadi. Bugungi kunda professional internet-do‘kon yaratish uchun birinchi investitsiya $200-$300 mingni tashkil etadi. Kelajakda bu mablag‘ni doimiy oshirib borish kerak bo‘ladi.

Agar shunchaki sayt yaratib telefondagi buyurtmalar orqali sotmoqchi bo‘linsa, u holda $5000-$7000 ming xarajat qilib, bir-ikkita xodim (operator)ni ishga yollasa bo‘ladi. Lekin, kelajakda xizmatni yaxshilash, o‘zgarishlar uchun dasturchilar jamoasini tuzish kerak.

Demak, xarajatlar quyidagicha:

Obyekt

Miqdor (dollarda)

Saytni yaratish

$2000-$25000

Mahsulot

$10000 dan

Mahsulotni qadoqlash

$300 dan

Xodimlar ish haqi

har bir xodim uchun o‘rtacha $400 dan

Joy ijarasi

$500 dan

Hujjatlarni rasmiylashtirish

Birinchi navbatda nooziq-ovqat savdo turlari tasnifida kompaniyani (MChJ) ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Bugungi kunda xujjatlarni uydan chiqmagan holda “Yagona darcha” orqali onlayn tarzda topshirsa ham bo‘ladi.

Buning uchun standart hujjatlar to‘plami kerak bo‘ladi:

  • ta’sischining pasporti;
  • kompaniyaning yuridik manzili;
  • bank hisobvarag‘ini ochish uchun hujjatlar.

Mavzuga doir: Firuz Allayev O‘zbekiston internet savdo tizimidagi muammolar, raqobat va sohani rivojlantirish yo‘llari haqida. Video


Investorni qanday jalb qilish mumkin?

Biznesda investitsiya jalb qilish uchun investorga, birinchidan, siz nima sotmoqchi ekanligingizni va unga bozordagi talabni ko‘rsatishingiz kerak.

Masalan, smartfonni oladigan bo‘lsak, u taxminan bir yilda nechta sotiladi, siz bozorning nechchi foizini egallamoqchisiz, bir yildan keyin qanaqa natijaga ega bo‘lmoqchisiz.

Ikkinchidan, bu loyihani kimlar amalga oshirmoqchi, ya’ni siz o‘z jamoangizning muvaffaqiyatlarini, professionalligini ko‘rsatib berishingiz kerak. Uchinchidan, qancha daromad olish mumkinligini real raqamlarda tayyorlab berish kerak bo‘ladi.

Marketing

Birinchi navbatda o‘z auditoriyangizni tanlab olishingiz kerak — mijozlaringizni kimlar tashkil etadi, ularning yoshi, yashash hududi va hokazolar.

Bugungi kunda internet-do‘konlar mijozlari o‘z vaqtlarini asosan “Telegram”, “Facebook” hamda “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadilar. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali qilingan reklama televideniyedagidan ko‘ra samaraliroqdir.

“YouTube” platformasi, blogerlar, OAVlar ham ko‘p auditoriyani yig‘ib beradilar. Va albatta, eng muhim reklama vositalaridan biri bu “sarafan radiosi"dir.

Qancha pul ishlab topish mumkin?

Bugungi kunda aholida narsalarni onlaynda buyurtma berish madaniyati tezkorlik bilan shakllanmoqda. Shuning uchun xarajatlarni olti-yetti oyda ham qoplash mumkin.

Biroq kompaniya daromadga kirgandan so‘ng yana investitsiya kiritishda davom etish kerak. Masalan, “Asaxiy” 3,5 yildan so‘ng daromad ola boshlagan. Mablag‘larni hanuzgacha investitsiya qilmoqdamiz.

Umuman olganda, O‘zbekistondagi internet-do‘kon $500 dan bir necha yuz ming dollargacha foyda ko‘rishi mumkin.

Xatolar

Ko‘p biznesmenlar yo‘l qo‘yadigan xatolar:

  • aniq strategiyaga ega bo‘lmasdan turib biznesni boshlash;
  • “xavfsizlik yostig‘i"ga ega bo‘lmaslik;
  • savdo rejasiga ega bo‘lmaslik;
  • katta miqdordagi kredit olish;
  • xarajatlarning optimizatsiyasi ustida ishlamaslik;
  • investitsiyani maqsadsiz jalb qilish;
  • jamoani noto‘g‘ri tanlash.

Kadrlar

Dastlabki bosqichda quyidagi kadrlar kerak bo‘ladi:

  1. Dasturchilar — ularni ishga yollagan holda yoki autsors orqali ishlasa ham bo‘ladi.
  2. Kontent menedjer. Bu juda muhim pozitsiya, chunki aynan u mahsulotni saytga joylash ishini amalga oshiradi.
  3. Marketolog. U sizning mehnatingizni yuzaga chiqarib beradi.
  4. Savdo bo‘limi (operatorlar). Savdoning sifati aynan ularga bog‘liq bo‘ladi.
  5. Buxgalter hamda logistika bo‘yicha mutaxassis.

“Spot” Firuz Allayevga material tayyorlashda yordam bergani uchun minnatdorchilik bildiradi. Agar siz tadbirkor bo‘lsangiz va o‘z tajribangizni boshqalar bilan baham ko‘rishga tayyor bo‘lsangiz, bizga, info@spot.uz manziliga yozing. Bu mutlaqo bepul.