Shavkat Mirziyoyev kartoshkachilikni rivojlantirishga qaratilgan reja va takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatda kartoshkaga bo‘lgan talab qariyb 4 mln tonnani tashkil etadi. Shuning 80% dan ziyodi O‘zbekistonda yetishtirilib, qolgan qismi import hisobidan to‘ldirilmoqda.
Bugungi kunda 253 ming gektarda kartoshka ekilayotgan bo‘lsa, o‘rtacha hosildorlik 163 sentnerni tashkil etmoqda. Chet ellardagiga qaraganda bu juda past ko‘rsatkich.
Yana bir katta muammo urug‘chilik bilan bog‘liq. Aholi va dehqonchilik xo‘jaliklari elita va R1 urug‘lik o‘rniga import qilingan yoki mahalliy sifatsiz kartoshka ekmoqda.
Yuqori hosilli urug‘lik kartoshka yetishtirish uchun ekin yerlari va issiqxonalar, ularni saqlash uchun omborxonalar yetarli emas.
Hosildorlikning kamayishiga sabab bo‘luvchi virus va bakteriyali kasalliklarni tekshiradigan laboratoriyalar yo‘q.
Milliy genofondda 250 xil kartoshka navi mavjud bo‘lib, 4 ta korxona va ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan 27 ta navdan milliy urug‘ yaratish bo‘yicha ishlar boshlangan.
Samarqanddagi O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasi imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida birinchi bosqichda Bulung‘ur, Toyloq va Samarqand tumanlaridan 500 gektar, ikkinchi bosqichda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Jizzax viloyatining Baxmal va Zomin, Qashqadaryo viloyatining Kitob va Shahrisabz tumanlaridan 2 ming gektar yer ajratish mo‘ljallanmoqda.
Urug‘chilikni rivojlantirish uchun Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida 4 gektarlik, Samarqanddagi “Green Korea agro Invest” korxonasida 1 gektarlik issiqxona va sovutgichli omborxonalar qurish rejalashtirilgan.
Bu loyihalar Jahon banki mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi va “in vitro” usulida kartoshka urug‘ini yetishtirishning to‘liq sikli yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filialida “ilm — ta’lim — ishlab chiqarish” tamoyili bo‘yicha Kartoshka urug‘chiligi markazi tashkil etiladi.
Kartoshkaning yashirin virus kasalliklari va sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha $4 mln.lik laboratoriya ishga tushiriladi.
Natijada 2025-yildan kartoshka urug‘chiligiga bo‘lgan ichki talab to‘liq ta’minlanishi qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga 500 tonna elita kartoshka urug‘larini 1 ming 700 ta aholi tomorqalariga bepul tarqatish, kartoshka yetishtiruvchilarga imtiyozli mablag‘lar ajratish vazifasi qo‘yildi.
Yanvar oyida kuzatilgan anomal sovuq kartoshka ekish muddatining sezilarli kechikishiga olib keldi.
O‘zbekistonning eng janubiy mintaqasi — Surxondaryo viloyatida kartoshka ekish fevral oyining ikkinchi o‘n kunligi oxiri va uchinchi o‘n kunligi boshida, o‘tgan yilga nisbatan qariyb uch hafta kechikkan.
Bu 2023-yilning birinchi yarmida ushbu mahsulotlar importi hajmining oshishini anglatadi, chunki yilning ushbu davrida kartoshkani import qilish uchun uch hafta ko‘proq vaqt ketishi mumkin.