“AvtoVAZ” kompaniyasi yangi avlod “Lada Vesta"ni O‘zbekistonda yig‘ish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda kompaniya prezidenti Maksim Sokolovga tayanib “Vedomosti” nashri xabar berdi.
“Hozirda hamkorimiz bilan birgalikda avtomobillarimizni yig‘ishni tiklash bo‘yicha eng yaqin rejalarni faol ko‘rib chiqmoqdamiz. Bundan tashqari, u flagman modeli — yangi avlod Lada Vesta modeli bo‘ladi”, — dedi Sokolov.
Kompaniya prezidentining qayd etishicha, O‘zbekistonda payvandlash va bo‘yash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.
2022-yilning mart oyida “AvtoVAZ” zavodlarini bir necha marta to‘xtatib qo‘ydi va narxlarni ikki marotaba oshirdi. Shuningdek, kompaniya “Lada” avtomobillarida import qilinadigan ehtiyot qismlar sonini kamaytirishi ma’lum qildi.
Avgust oyiga borib esa “AvtoVAZ” 500 nafar o‘zbekistonlikni ishga olish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berildi.
Avvalroq Xitoyning “OMODA” kompaniyasi O‘zbekiston avtomobil bozoriga kirishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.
Yanvar oyida “Exeed” avtomobil brendi O‘zbekiston bozoriga kirishini rasman e’lon qildi. Aprel oyi boshida kompaniya avtomobillarini yig‘ish sanasi qachon boshlanishi ma’lum qilindi.