“EastFruit” mutaxassislari O‘zbekiston bozorlaridagi yangi hosil piyozining ulgurji narxini tahlil qildi.
Unga ko‘ra, 14-apreldan 21-aprelgacha yangi hosil piyozining o‘rtacha narxi 1 kg uchun 8000 dan 4000 so‘mga pasaygan.
Natijada ko‘rsatkich o‘tgan yilning xuddi shu sanasida qayd etilgan daraja bilan teng bo‘lgan.
Agar bu mahsulot narxlarini boshqa mamlakatlar bilan solishtirilsa, 21-aprel holatiga, O‘zbekistonda yangi piyoz hosilining o‘rtacha ulgurji narxi Gruziyaga ($0,99/kg) nisbatan 2,8 barobar past, lekin Tojikistonga ($0,27/kg) nisbatan 30%ga yuqori.
Oxirgi hafta o‘tgan yilgi piyoz narxlari ham pasaygan, bunga esa yangi hosil piyozi bo‘yicha taklif keskin oshgani sabab bo‘lgan.
14-aprel-dan 21-aprelga qadar o‘tgan yilgi mahsulotning o‘rtacha narxi 1 kg uchun 6000 dan 5000 so‘mga pasaygan. Biroq, o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan narxlar qariyb bir yarim barobar yuqori.
Shuningdek, O‘zbekistonda o‘tgan yilgi hosil piyozining amaldagi ulgurji narxlari monitoring olib boriladigan mamlakatlar ichida eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Mintaqa mamlakatlarida o‘tgan yilgi piyozning o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun O‘zbekistonda $0,44, Tojikistonda $0,60, Moldovada $0,83, Polshada $0,83, Gruziyada $0,99 hamda Ukrainada $1,15 ni tashkil etadi.
Avvalroq “EastFruit” mutaxassislari pomidor narxini ham tahlil qilgandi. Xususan, pushti pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 32%ga, qizil dumaloq pomidor esa 33%ga arzonlashgan.