O‘zbekiston 2023-yilda Rossiyadan 300 ming tonna neft import qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Athamjon Ubaydullayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “TASS” nashri.

“Biz rossiyalik hamkorlarimiz bilan doimiy ishlab kelmoqdamiz. Masalan, „Gazprom neft“ bilan 2023-yilda mamlakatga 300 ming tonna neft yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi”, — dedi Ubaydullayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning boshqa kompaniyalari, xususan, O‘zbekistonda uchta yoqilg‘i quyish shoxobchasiga ega bo‘lgan “Tatneft” bilan mamlakatdagi faoliyatini kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistondagi neft va gaz kompaniyalarining 30%dan ortig‘i Rossiya kapitali ishtirokida tashkil etilgani ta’kidlandi.

“Bugungi kunda mamlakat neft-gaz sanoatining eng yirik investori „Lukoyl“ kompaniyasi bo‘lib, mahsulot taqsimoti bo‘yicha kelishuv asosida amalga oshirilgan ikkita loyihaga $10 mlrd.dan ortiq sarmoya kiritgan”, — dedi Ubaydullayev.


2022-yil noyabrida Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi"ni tuzish taklifi ma’lum bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari uning maqsadlari qatorida gaz tranziti va uni boshqa bozorlarga, xususan, Xitoyga yetkazib berishni muvofiqlashtirishi bo‘yicha yozdi.

Shundan so‘ng, Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat gazni “alyans yoki ittifoq orqali” emas, balki shartnomalar bo‘yicha import qilish niyatida ekanini qayd etdi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa gaz yetkazib berishda “siyosiy shartlar” haqida gap bo‘lmasligini aytdi.

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Aleksandr Novak Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar davom etishini ma’lum qilgandi. Yanvar oyiga kelib, O‘zbekiston “Gazprom” bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni imzoladi.

Shundan so‘ng, Energetika vazirligi bu bo‘yicha izoh berib, tomonlar o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarga va o‘rganishga kelishib olingani hamda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetga qandaydir tahdid yo‘qligi qayd etildi.

Ekspertlar O‘zbekiston va Rossiya gaz ittifoqidan Qirg‘iziston ham manfaatdorligini hamda Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston aloqasidagi hamkorlikning faollashuvi mintaqaviy energetika xavfsizligini ta’minlashini ta’kidladi.

Shuningdek, fevral oyida “Gazprom” bilan hamkorlikning navbatdagi bosqichini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgandi.