Jizzaxda ikkinchi qo‘shma O‘zbekiston-Tatariston texnoparki ish boshladi. Bu haqda Tatariston hukumatining rasmiy Telegram-kanali xabar berdi.
Yangi texnopark Qozon texnopolisi “Ximgrad” mutaxassislarining bosh rejasi asosida “Jizzax Plastmassa” zavodi negizida yaratilgan.
U O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalarning ishlab chiqarishini mahalliylashtirishga yo‘naltiriladi.
Tatariston ishtirokida mamlakatdagi birinchi texnopark o‘tgan yili Chirchiqda ochilgandi. Hozir 20 dan ortiq investitsiya loyihasi amalga oshirilib, mahsulotlar Qozog‘iston va Tojikistonga eksport qilinmoqda.
Shu kuni Minnixonov Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Prezident mehmon bilan neft-kimyo, mashinasozlik va boshqa sohalarda ustuvor sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish, hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ishbilarmonlik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham mavjud sanoat parklarini rivojlantirish va yangilarini ochish masalasi ko‘tarildi.
Bundan tashqari, kichik biznes, innovatsiyalar va IT sohalarida hamda kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish sohasida hamkorlik dasturlarini qabul qilish muhokama qilindi.