Yer usti xalqa metro yo‘lining ikkinchi bosqichi doirasida qurib bitkazilgan 5 ta bekatda yo‘lovchi tashuvlari boshlandi. Bu haqda Transport vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, “Qo‘yliq” bekatidan “Quruvchilar” bekatigacha bo‘lgan 5 ta bekatning umumiy uzunligi 7,74 kilometrni tashkil etadi.
Shu bilan, Toshkent metropolitenining bekatlari soni 48 taga yetdi.
Yer usti metrosi qurilishining ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlanishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan oshib, bekatlar soni 50 ta bo‘ladi.
Shuningdek, vazirlikning ma’lum qilishicha, Qo‘yliq bozoridan Sergeli Quruvchilar mavzesigacha bekatning yangi qismi foydalanishga topshirilishi munosabati bilan vaqtinchalik avtobus qatnovi tashkil etiladi.
Xususan, yo‘lovchilar tashish uzluksizligini ta’minlash maqsadida “Sergeli-Quruvchilar” metro bekatidan Xonabod va Qipchoq ko‘chalari orqali Qipchoq metrosigacha qatnovchi yo‘nalishli avtobus harakatlanadi.
Mazkur tashkil etilgan vaqtinchalik avtobus yo‘nalishidagi harakat jadvallari soni “King Long” rusumli avtobuslar asosida 2 ta, yo‘nalishning ish tartibi soat 5:00 dan 23:00 ga qadar etib belgilangan.
Avvalroq Toshkent metropolitenida iOSda ishlovchi telefonlarda onlayn to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratilgani haqida xabar berilgandi.