Shavkat Mirziyoyev Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala boshchiligidagi hukumat delegatsiyasini qabul qildi.
Unda O‘zbekiston-Chexiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Keyingi bir necha yilda Chexiya bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 barobarga, qo‘shma korxona va loyihalar soni esa 2,5 barobarga ko‘paydi.
Qazib chiqarish tarmog‘i, energetikani modernizatsiya qilish, energetik mashinasozlik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va charm sanoati, transport va logistika, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, transport yo‘laklarini rivojlantirish va boshqalar ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
O‘zbekiston Chexiyaning ilg‘or texnologiyalarini keng joriy qilishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va birgalikda moliyalashtirish vositalaridan foydalanish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Hamkorlikning har bir yo‘nalishi bo‘yicha ishchi guruhlar tuzish va “yo‘l xarita"larini ishlab chiqishga qaror qilindi.
Bundan tashqari, Ishbilarmonlar kengashining faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilishi doirasida O‘zbekiston va Chexiya poytaxtlari va hududlarida biznes-forumlarni muntazam o‘tkazib borish rejalashtirilmoqda.
Gumanitar almashinuvni kengaytirish, shu jumladan Chexiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘zbekistonlik talabalarning tahsil olishi uchun kvotalarni ko‘paytirish va madaniy tadbirlar dasturini qabul qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Avvalroq prezident Tatariston raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashgandi. Unda neft-kimyo, mashinasozlik va boshqa sohalarda ustuvor sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish, hamkorlik masalalarini muhokama qilindi.