Davlat xizmatlari yoki Yagona portalning ayrim xizmatlaridan foydalanishda ba’zan ERI kerak bo‘ladi va uni e-imzo.uz sayti orqali olish mumkin.
ERI (elektron raqamli imzo) — imzoning yopiq kalitini qo‘llagan holda axborotning kriptografik o‘zgarishi natijasida olingan va imzoning shakllanish vaqtidan boshlab elektron hujjatdagi axborotda xatolik yo‘qligini aniqlovchi hamda imzo kaliti sertifikatini imzo egasiga taalluqliligini tekshiruvchi elektron hujjatning rekviziti hisoblanadi.
Elektron imzoni onlayn tarzda olish qiyin emas. Yuqoridagi saytga kirgach, bosh sahifada “Ariza yuborish” tugmasi mavjud.
Unga bosgach navbatdagi oyna shakllanadi va undagi ma’lumotlarni to‘ldirish zarur.
Elektron-so‘rovnoma shaklida “Yuridik shaxs” yoki “Jismoniy shaxs” maqomi tanlanadi.
Agar jismoniy shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish kerak bo‘lsa, birinchi bo‘lib pasportdagi 14 ta raqam — JSHSHIRni kiritish kerak, undan keyin telefon raqam hamda rasmdagi kod kiritiladi.
Ariza to‘ldirilgandan so‘ng, kiritilgan telefon raqamiga SMS shaklida tasdiqlash kodi yuboriladi va uni ekranda paydo bo‘lgan bo‘sh katakka kiritish kerak.
Shuni unutmaslik kerakki, tizimning to‘g‘ri ishlashi uchun E-IMZO modulini yoki E-IMZO brauzerini o‘rnatish zarur.
Uni o‘rnatish haqidagi xabar ekranda paydo bo‘ladi va havolalar beriladi. O‘rnatilganidan keyin jarayonni yana davom ettirish mumkin.
Yangi sahifada yopiq kalit va parol shakllanadi. Arizachi pasport nusxasi fayli va ochiq holatdagi pasporti bilan tushgan suratini ilova qilib biriktirishi lozim.
Bunda arizachining yuz qiyofasi kameraga to‘g‘ri qaragan holatda va tiniq ko‘ringan hamda pasportning asosiy sahifasi barcha simvollari o‘qib bo‘ladigan darajada bo‘lishi shart.
Surat hajmi esa 5MB dan oshmasligi lozim. Barcha qatorlar to‘ldirilgandan so‘ng “pfx faylni yaratish va davom etish” tugmasi bosiladi.
Ushbu shaklda kiritilgan kalit parolini esda saqlab qolish kerak.
Shundan so‘ng, tizim kiritilgan ma’lumotlar asosida elektron so‘rovnoma shakllantiradi.
So‘rovnoma bilan batafsil tanishib chiqib, ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilganligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng “So‘rov yuborish” tugmasi bosiladi. Bu bosqichda elektron ariza to‘ldirish yakunlanadi.
Mazkur xizmatdan foydalanish pullik bo‘lib, jismoniy shaxslar uchun 21 ming so‘mni, yuridik shaxslar uchun esa 30 ming so‘mni tashkil etadi.
Darvoqe, saytda “Ariza topish/tasdiqlash” bo‘limi orqali ariza holatini tekshirish mumkin.
Agar ariza ijobiy hal etilsa, tizimga kiritilgan telefon raqamga SMS-xabar yuboriladi.
Undan keyin yuqoridagi bo‘lim orqali qabul qilingan elektron sertifikatni tasdiqlash lozim va “Tasdiqlash” tugmasi bosilgandan keyin arizachiga ERI kaliti beriladi.
Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.
Avvalroq “Spot” mehnat daftarchasidan onlayn ko‘chirmani qanday olish mumkinligi haqidagi qo‘llanmani taqdim etgandi.