Italiyaning “Illogic” hamda O‘zbekistonning “Mind as Engine” kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bitimga ko‘ra, tomonlar sanoat samaradorligi va xavfsizligini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshiradi.

Xususan, hamkorlikning asosiy maqsadlari sifatida texnologiyalar transferini amalga oshirish, sun’iy intellekt va raqamlashtirish sohasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va “MyDigitalHelmet” dasturiy-apparat majmuasini joriy qilish va uni Markaziy Osiyo bozoriga tatbiq etish qilib belgilanmoqda.

MyDigitalHelmet” — video va audio kontent oqimidan foydalangan holda operatorlarga masofaviy yordam ko‘rsatish imkonini beruvchi “aqlli dubulg‘a”.

Qurilma xodimlarni masofaviy malaka markaziga ulaydi hamda ularga real vaqt rejimida axborot almashish imkonini beradi.

“Mind as Engine” boshqaruvi raisi Elmurod Rasulmuhamedovning ma’lum qilishicha, loyiha doirasida O‘zbekistonda texnologiyalar transferini ishlab chiqish va amalga oshirishga 1 mln yevrodan ortiq sarmoya kiritish rejalashtirilmoqda.

“Texnologiyalar transferini rivojlantirish natijasida O‘zbekiston hududida yangi texnologik ishlab chiqarish quvvatlari paydo bo‘ladi hamda bu mintaqaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini shakllantiradi”, — dedi Innovatsion rivojlanish agentligi vakili Jamoliddin Babaxonov.

Uning qayd etishicha, bu shuningdek, yangi texnologik kompaniyalarning shakllanishini ham ta’minlaydi.

Illogic” sun’iy intellekt sohasida ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish va yaratishga ixtisoslashgan italyan kompaniyasi hisoblanadi.