Rossiyaning “Rusal” kompaniyasi O‘zbekistonda avtodisklar ishlab chiqaruvchi zavod qurishi mumkin. Bu haqda Rossiya sanoat va savdo vazirligining metallurgiya va materiallar departamenti direktori Vladislav Vasilevga tayanib, “TASS” nashri xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, loyiha bo‘yicha muhokamalar olib borilmoqda hamda mamlakatdan tashqarida ham xaridorgir bo‘lishi kutilayotgan yangi zavod mahsulotlariga O‘zbekistonda bir qancha yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilar qiziqish bildirmoqda.

Vasilevning qo‘shimcha qilishicha, ishchi guruhlar allaqachon tuzilgan va ular samarali ishlamoqda.

Birinchi bosqichda 1,5 mln donagacha avtomobil disklari ishlab chiqaradigan zavod qurilishi ustida ishlamoqda.

Biroq, kompaniyaning nashrga ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda avtodisklar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yakuniy qarorga kelinmagan.

“O‘zbekiston jadal rivojlanmoqda va mamlakat avtomobil bozori jiddiy istiqbolga ega. Ayni damda „Rusal“ haqiqatan ham O‘zbekistonda disklar ishlab chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Biroq, hozircha yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q”, — deya ta’kidlagan kompaniya.


Avvalroq Italiyaning “Illogic” kompaniyasi O‘zbekistonda aqlli dubulg‘a ishlab chiqarishga 1 mln yevro ajratishi haqida xabar berilgandi.