Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekistonga eng yirik olma yetkazib beruvchi mamlakat Ukraina bo‘ldi. Bu haqda “EastFruit” tahlillarida keltirilgan.

Qayd etilishicha, hanuz davom etayotgan Ukrainadagi jangovar harakatlar, murakkab va qimmat logistika hamda bunday sharoitda ukrainalik bog‘bonlar duch keladigan boshqa ko‘plab qiyinchiliklarga qaramay mamlakat yetakchilik qilgan.

Mazkur davrda mamlakatdan O‘zbekistonga olma eksporti 360 tonnaga yetib, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi hali boshlanmagan 2022-yilning mos davriga nisbatan 24%ga oshgan.

Shu bilan birga, joriy yilning yanvar oyida Eron, Moldova va Turkiyadan O‘zbekiston bozoriga sarxil olma yetkazib berish hajmi mos ravishda 32 barobar, 3 barobar va 4 barobarga kamaygan.

Bu davrda Polsha O‘zbekistonga olma yetkazib berish bo‘yicha Ukrainaga deyarli yetib oldi — eksport hajmi 351 tonnani tashkil etadi.

Yil boshida Ukraina va Polshada “Golden Delishez” olmalarning ulgurji narxlari O‘zbekistondagidan uch yoki undan ko‘proq barobar past bo‘lgan.

Shu bilan birga, Moldovada narxlar Ukraina va Polshaga nisbatan biroz yuqoriroq edi.

Fevral oyida O‘zbekistonda olma narxi o‘sishda davom etdi, biroq Ukraina va Polshada barqarorligicha qoldi. Bu esa O‘zbekistonga eksport yanada daromadliroq bo‘lishini ta’minladi.


Avvalroq Ukrainaning “Yuriya-Farm” farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekistondagi “Reka-Med” farmatsevtika kompaniyasini 10 mln yevroga xarid qilgandi.