Joriy yilning birinchi choragida 6 271 ta iste’molchi huquqlari buzilgani hamda ularga 3 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilganli aniqlangan.

Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Dilmurod Botirov ma’lum qildi.

Aniqlangan mablag‘larning 2,1 mlrd so‘mi ya’ni 98,9%i iste’molchilarga qayta hisob-kitob qilingan. Qolgan 32,9 mln so‘m mablag‘larni esa qaytarish choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, o‘tgan davrda iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar va kelib tushgan murojaatlarga asosan jami 265 770 nafar iste’molchilarga 25,5 mlrd so‘m zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Ularga 25,3 mlrd so‘m mablag‘lar qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi.

Qolgan mablag‘larni iste’molchilarga qayta hisob-kitob qilish va ularning huquqlarini tiklash choralari ko‘rilmoqda.

Iste’molchilar tomonidan o‘z huquq va manfaatlari buzilishi holatlari yuzasidan jami 5 277 ta murojaatlar kelib tushgan.

Murojaatlar quyidagi masalalarga to‘g‘ri keladi:

  • uy-joy kommunal, transport xizmatlari -1 928 ta (35,5%);
  • savdo va umumiy ovqatlanish — 2 228 ta (43,4%);
  • aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar — 824 ta (15,6%);
  • reklama munosabatlari va boshqa masalalar — 237 ta (4,5%).

Mazkur murojaatlarning 3 191 tasi yoki 64%i ijobiy hal etilgan bo‘lib, 1 219 tasiga (23%) tegishli tushuntirish berilgan va 265 tasi (5%) vakolatli idoralarga yuborilgan.

Avvalroq iste’molga yaroqsiz tovarlar haqida xabar berganlar rag‘batlantirilishi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, iste’molchilar huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, sertifikatlanmagan, saqlash muddati o‘tib ketgan, kontrafakt va iste’molga yaroqsiz tovarlarni ishlab chiqarish holatlari hamda ularning aylanmasiga chek qo‘yishda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.

Xususan, murojaatlar yagona axborot tizimi orqali qabul qilinib, vakolatli organlar tomonidan qisqa muddatlarda ko‘rib chiqiladi.