Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Shavkat Mirziyoyev Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassirni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda yangi o‘rta muddatli sheriklik dasturi doirasida bank guruhi bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda qo‘shma loyihalar portfeli iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini qamrab olgan holda $1,3 mlrd.dan oshgan.
Forum doirasida qishloq va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda maktabgacha ta’limni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha umumiy qiymati $400 mln.lik bitimlar imzolandi.
Shuningdek, uchrashuvda quyidagilar muhokama qilindi:
- tadbirkorlik va xususiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash;
- moliyaviy vositalarni takomillashtirish;
- bank tuzilmalarini loyiha ishlariga faol jalb qilish borasida aniq loyihalarni ilgari surish;
- mamlakatning JSTga qo‘shilishi va innovatsion ekotizimni yaratish masalalarida texnik ko‘makni kengaytirish.
Avvalroq Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi yalpi majlisda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlagandi.
Davlat rahbari mamlakat Jahon savdo tashkilotiga tezroq a’zo bo‘lib kirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi hamda hozir a’zo mamlakatlar bilan muzokaralar olib borish hamda milliy qonunchilikni JST qoidalari bilan uyg‘unlashtirish jarayoni kechayotganini bildirdi.
2022-yilning avgust oyida Islom taraqqiyot banki $1,6 mlrdlik loyiha va dasturlarni moliyalashtirishi ma’lum bo‘ldi.
Sentabr oyiga borib, bank O‘zbekistonga $207 mln ajratishi haqida xabar qilindi. Mablag‘larning yarmi Surxondaryoda kombinatsion IES qurishga, qolgani esa transport loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Joriy yilning fevral oyida bankning O‘zbekistonda maktablarni qurishga mablag‘ ajratishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.