Germaniyaning Sharite va Robert Kox universitetlari klinikalari bilan hamkorlikda “Robert Kox-Ibn Sino” tibbiyot fondi tashkil etiladi.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov hamda Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner bilan o‘tkazilgan muloqotda ta’kidlandi, deya yozadi vazirlik matbuot xizmati.
Unga ko‘ra, mazkur fond doirasida tibbiyot mutaxassislari malakasini, telemeditsina yordamida mahorat darslari qamrovini oshirish hamda xorijiy investitsiyani jalb qilish belgilangan.
Shuningdek, muloqotda Germaniyaning KfW banki bilan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalarga ham to‘xtalgan.
Xususan, bank bilan umumiy qiymati 175 mln yevroga teng bo‘lgan 7 ta investitsiyaviy hamda grant loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyihalar sog‘liqni saqlash muassasalarini modernizatsiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, muqobil energiya manbalarini ishga tushirish va tibbiy ta’limga qaratilgan.
Masalan, “Sil kasalligiga qarshi kurash” grant loyihasining 5 va 6-bosqichi Respublika ixtisoslashgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda hududiy silga qarshi dispanserlarni yangi jihoz va asbob-uskunalar bilan ta’minlashni ko‘zda tutadi.
Qolaversa, hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida teleradiologiyani joriy etish, sog‘liqni saqlash sohasiga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish, Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi shifo maskanlarini yangi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda Termizda tibbiy ta’lim va malaka oshirish dasturini modernizatsiya qilishga doir loyihalar ham mavjud.
2022-yilning noyabr oyida KfW banki O‘zbekistondagi tibbiyot markazlarini modernizatsiya qilishga 11,3 mln yevro ajratishi ma’lum qilindi.
Loyiha doirasida tibbiyot muassasalari quvvati 4 746 o‘ringa yetkazilib, 23 563 ta ish o‘rni yaratilishi qayd etilgan.
Avvalroq, O‘zbekistonda tibbiyot sohasini raqamlashtirishga Turkiya mutaxassislari jalb qilinishi haqida xabar berilgandi.
Shuningdek, 2023-yilda mingdan ortiq tibbiyot muassasalarida quyosh panellari o‘rnatiladi.