Xalqaro kongress markazida o‘tkazilayotgan ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi yalpi majlisda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
“Spot” davlat rahbari nutqidan muhim tafsilotlarni bir joyga jamladi.
O‘zbekiston — JSTga tezroq a’zo bo‘lib kirishdan manfaatdor
Unda tashqi savdo va raqobat muhitini yangi bosqichga olib chiqish, yangi bozorlarga kirish maqsadida O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish borasidagi ishlarni tezlashtirgani qayd etildi.
“Alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman, Jahon savdo tashkiloti talablari islohotlarimiz mazmuniga to‘la mos va biz ushbu nufuzli tashkilotga tezroq a’zo bo‘lib kirishdan manfaatdormiz”, — dedi prezident.
Hozir a’zo mamlakatlar bilan muzokaralar olib borish hamda milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti qoidalari bilan uyg‘unlashtirish jarayoni kechayotgani bildirildi.
Xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Investorlar masalalarini tezkor hal etish, ularning davlat rahbari bilan bevosita muloqotini yo‘lga qo‘yish maqsadida Prezident huzurida Xorijiy investorlar kengashi ish boshladi.
“Men xorijiy kompaniyalar va tadbirkorlar bilan ko‘proq muloqot qilishga intilaman. Sizlarning g‘oya, taklif va tashabbuslaringiz menga kuch-g‘ayrat beradi, yangi islohotlarga undaydi”, — dedi davlat rahbari.
Prezident yangi investorlar bilan tez-tez uchrashuvlar o‘tkazishga hamda ularning mamlakatdagi yutuqlarini shaxsan o‘zi kafolatlashga tayyor ekanligini bildirdi.
Bundan buyon, tadbirkor va investorlar sudda o‘z talabining to‘g‘riligini isbotlashi shart emas.
Endi davlat idorasi o‘z qarorining qonuniyligini isbotlab berishga majbur bo‘ladi. Yuzaga kelgan har qanday noaniqliklar esa investorlar foydasiga hal qilinadi.
Qonunchilikda xalqaro arbitraj sudlari qarorlarini majburiy ijroga qaratish mexanizmlari mustahkamlandi.
“Joriy yilda ham tadbirkorlar huquqini himoya qilish bo‘yicha islohotlarimiz davom ettiriladi. Jumladan, xalqaro ekspertlar ko‘magida tariximizda ilk bor Xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi”, — dedi davlat rahbari.
Prezident islohotlar jadal davom etishi, yurtimizda biznes emin-erkin rivojlanishi uchun yanada mustahkam huquqiy poydevor kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.
Mamlakatdagi to‘rtta aeroport xususiy sektor boshqaruviga o‘tkaziladi
Davlat rahbari xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi yangi imkoniyatlarni sanab o‘tdi.
Xususan, O‘zbekiston “yashil iqtisodiyot"ga o‘tish yo‘lini qat’iy davom ettiradi.
2023-yilda Andijon, Namangan, Buxoro va Urganch aeroportlari xususiy sektor boshqaruviga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Temir yo‘l sohasida ham katta o‘zgarishlarni boshlayapmiz va bunda investorlar faol ishtirok etishlarini so‘rab qolaman”, — dedi Prezident.
Bu yil davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish bo‘yicha $14 mmlrd.lik alohida dasturlar xalqaro moliya institutlari ko‘magida ishlab chiqildi.
Bular davlat uchun muhim bo‘lgan transport, kommunal va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash kabi tarmoqlarni qamrab oladi.
Oltin, mis ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar aksiyalari investorlarga taklif etiladi
O‘zbekistonda davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha “1 ming + 1 ming + 40” dasturi qabul qilindi.
“Bu 1 mingta korxonadagi davlat ulushlari hamda yana 1 mingta davlatga tegishli ko‘chmas mulk obyektlari ochiq auksion savdolariga, iqtisodiyot uchun strategik ahamiyatga ega 40 ta korxona IPO ga olib chiqiladi degani”, — qayd etdi prezident.
Jumladan, oltin, mis ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar, telekommunikatsiya va sug‘urta kompaniyalari hamda banklar aksiyalari investorlarga taklif etiladi.
To‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektr texnikasi, mashinasozlik tarmoqlari yetarli xomashyo bazasi va malakali kadrlarga ega ekanligi ta’kidlandi.
Ya’ni, shu sohalarda “katta sakrash” qilib, ulardagi ishlab chiqarish va eksportni 2 barobar oshirish uchun yetarli imkoniyatlar bor.
Buning uchun yirik brendlar bilan hamkorlik, tashqi bozorlarga chiqish, innovatsiya va texnologiyalar kerak.
O‘zbekiston bularni olib keladigan investorlarga barcha sharoitlarni yaratish, alohida texnopark hamda sanoat zonalari tashkil qilish va boshqa qo‘shimcha imtiyozlarni yaratib berishga tayyor ekanligi bildirildi.