Joriy yilda Rossiya chet ellik talabalar uchun kvotalar sonini 30 mingtaga oshiradi. Bu haqda Rossiya ta’lim va fan vaziri Valeriy Falkov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ko‘rsatkich 2020-yilga nisbatan ikki baravarga oshirilmoqda, bu davrda kvotalar 15 mingtani tashkil etgan.

Vazirning ta’kidlashicha, mamlakatga asosan, Misr, Xitoy, Qozog‘iston, Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Belarusdan o‘qishga kirishadi.

Shuningdek, 2022-yil 1-oktabr holatiga, ta’limning barcha darajalari bo‘yicha Rossiya universitetlarida 362 mingdan ortiq talaba tahsil oladi.

Bir yil avvalgi ko‘rsatkich esa xorijlik talabalarning umumiy sonini 347 mingdan ortiq bo‘lganini ko‘rsatadi.

Falkovning qayd etishicha, 2023−2024 o‘quv yilida Rossiya OTMlarida davlat tomonidan moliyalashtiriladigan 626 mingdan ortiq o‘rinlar ajratiladi.

Ulardan qariyb 447 ming nafari kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi.


Avvalroq Rossiyada migrantlar uchun patent muddati 3 yilgacha uzaytirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.