O‘zbekistonga Rossiyadan gaz yetkazib berish “Markaziy Osiyo — Markaz” magistral gaz quvuri orqali amalga oshiriladi. Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudovga tayanib, “TASS” nashri xabar bermoqda.

“Rossiyadan O‘zbekistonga gazni „Markaziy Osiyo — Markaz“ gaz quvuri orqali yetkazib berish rejalashtirilgan. Oldin mazkur yetkazib berish uchun Buxoro-Ural gaz quvuri ko‘rib chiqilgan, biroq eskirganligi sababli undan voz kechilgan”, — dedi Jo‘rabek Mirzamaxmudov.

Uning qayd etishicha, hozirda manfaatdor idoralar gaz nasoslari uchun zarur bo‘lgan kompressor stansiyalarini qurish xarajatlarini hisoblab chiqmoqda, shundan so‘ng tomonlar yetkazib berish bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi.


2022-yilning noyabrida Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi"ni tuzish taklifi ma’lum bo‘ldi.

Ommaviy axborot vositalari uning maqsadlari qatorida gaz tranziti va uni boshqa bozorlarga, xususan, Xitoyga yetkazib berishni muvofiqlashtirishi bo‘yicha yozdi.

Shundan so‘ng, Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat gazni “alyans yoki ittifoq orqali” emas, balki shartnomalar bo‘yicha import qilish niyatida ekanini qayd etdi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa gaz yetkazib berishda “siyosiy shartlar” haqida gap bo‘lmasligini aytdi.

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Aleksandr Novak Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar davom etishini ma’lum qilgandi.

Yanvar oyiga kelib, O‘zbekiston “Gazprom” bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni imzoladi.

Shundan so‘ng, Energetika vazirligi bu bo‘yicha izoh berib, tomonlar o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarga va o‘rganishga kelishib olingani hamda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetga qandaydir tahdid yo‘qligi qayd etildi.

Ekspertlar O‘zbekiston va Rossiya gaz ittifoqidan Qirg‘iziston ham manfaatdorligini hamda Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston aloqasidagi hamkorlikning faollashuvi mintaqaviy energetika xavfsizligini ta’minlashini ta’kidladi.

Shuningdek, fevral oyida “Gazprom” bilan hamkorlikning navbatdagi bosqichini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgandi.

Avvalroq “Gazprom” O‘zbekistonga 300 ming tonna neft yetkazib berishi ma’lum bo‘lgandi. Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, bu bo‘yicha kelishuvga erishilgan.