Avvalroq Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi yalpi majlisda Shavkat Mirziyoyev Xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgandi.
“Joriy yilda ham tadbirkorlar huquqini himoya qilish bo‘yicha islohotlarimiz davom ettiriladi. Jumladan, xalqaro ekspertlar ko‘magida tariximizda ilk bor Xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi”, — dedi davlat rahbari.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan “Biznes uchun odil sudlov: bugun va kelajak” panel sessiyasida mazkur xalqaro sud faoliyati hamda tashkil etish rejalari haqida so‘z yuritildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC) bosh direktori Diana Bayzakova investorlar uchun barqaror sud tizimi zarurligini ta’kidladi.
“Iqtisodiyot yangi bosqichga ko‘tarildi, biznes bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar boshqa davlatlar tomonidan ham ma’qullanmoqda”, — deydi Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov.
Uning qayd etishicha, Biznes-ombudsmanga o‘tgan yil davomida 600 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Hozirda ular ko‘rib chiqilmoqda.
YETTB sobiq bosh maslahatchisi Meri-Ann Birken xalqaro xo‘jalik sudining keyingi faoliyati hamda tashkil etish rejalariga oid ayrim tafsilotlar bilan bo‘lishdi.
“Bugungi kunda bunday sudlar butun dunyoda keng tarqalgan. Hozirda uni O‘zbekistonda ishlab chiqish jarayoni davom etmoqda. Sudning vazifasi xalqaro biznes nizolarini hal qilishdir”, — deydi u.
Ta’kidlanishicha, mazkur muassasa mahalliy emas, balki ingliz qonunlari asosida ishlaydi. Hujjatlar ingliz tilida topshirilishi mumkin.
Shuningdek, sudyalar ham xorijdan jalb qilinadi. Ularni tanlashda investitsiya masalalarini hal qilish tajribasi va til bilish ko‘nikmalari hisobga olinadi.
“Odatda xorijiy investorlar bunday sudlarga katta ishonch bildiradilar”, — deya tushuntirib o‘tdi di Meri-Ann Birken.
“White and Case” hamkori Gensel Fam ham investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi qonunchilik bazasi zarurligini qayd etdi.
“Investorlar investitsiya kiritmoqchi bo‘lganlarida, birinchi navbatda qonunlarga e’tibor qaratishadi. Lekin qonun nafaqat qanday yozilgani, balki uning qanday ishlayotgani ham muhim”, — deydi u.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston va boshqa davlatlar o‘rtasida xalqaro shartnomalar mavjud.
Investorlar uchun esa bu mexanizmlardan foydalanish va alohida investitsiyaviy shartnomalar orqali himoyalanish juda muhim hisoblanadi.
2022-yilning noyabr oyida Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi o‘tkazilib, prezindent keyingi 5 yilda sarmoyalar hajmini $120 mlrd.ga yetkazish, kamida $70 mlrd xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ko‘zlanganini ta’kidlagandi.
Bundan tashqari, Xorijiy investorlar kengashi huzurida doimiy faoliyat yuritadigan Investorlarning huquqini himoya qilish qo‘mitasini tashkil etish taklifi bildirildi.
Xorijiy investorlar bilan ishlashni tashkil etishning quyidagi tartibi belgilangan:
- Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida Sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash ishchi guruhi tashkil etiladi;
- ishchi guruh Xorijiy investorlar kengashi huzurida faoliyat yuritib, chet ellik sarmoyadorlarni kompleks va tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi;
- investorni aeroportda kutib olishdan tortib, biznes uchun zarur ruxsatnoma va litsenziyalar berishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni “yagona oyna” tamoyili asosida ko‘rsatadi va boshqalar.
Investorlar uchun qulay sharoit yaratish uchun Xalqaro Toshkent arbitraj markazi tashkil etildi hamda “investitsiya krediti”, “investitsiya subsidiyasi” va “investitsion viza” kabi yangi mexanizmlar joriy qilindi.