O‘zbekistonda parrandachilik sohasini rivojlantirishda Vengriya kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatiladi.

Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov bilan “Master Good” kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Laslo Baranyi o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ta’kidlandi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Muloqot davomida, parrandachilik yo‘nalishini rivojlantirishda O‘zbekistonning qulay geografik joylashuvi, Markaziy Osiyodagi eng katta aholi, malakali ishchi kuchi, boy tabiiy resurslarga egaligi hamda o‘sib borayotgan iqtisodiy faolligi hamda samarali biznes muhiti ekanligiga e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, tomonlar qushlarni hech qanday chiqindisiz qayta ishlashga qodir parrandachilik klasterini tashkil etish tashabbusini bildirdi.

Shuningdek, kadrlarning malakasini oshirishda “Master Good” kompaniyasi bilan hamkorlik qilish hamda Toshkent davlat agrar universitetida parrandachilik sohasi mutaxassislarini tayyorlashni tashkil etish takliflari bildirildi.

Kompaniya haqida

Master Good” 1994-yilda tashkil etilgan. Kompaniya Vengriyadagi yirik tovuq go‘shti ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lib, mamlakatdagi tovuq go‘shti ishlab chiqarishning deyarli 32%ini tashkil qiladi.

Kompaniya sof daromadi — $275,2 mln. Xodimlar soni 2 ming kishini tashkil etadi.

“Master Good” ozuqa xomashyosi, ozuqa ishlab chiqarish, onalik chorvachilik, inkubatsiya, broyler yetishtirish, go‘shtni qayta ishlash, go‘shtni keyingi qayta ishlash, sifat siyosati bilan shug‘ullanadi.

Kompaniya o‘z mahsulotlarini ko‘pgina xorijiy davlatlarga eksport qiladi.


2022-yilning oktabr oyida O‘zbekistonda Vengriyaning “Bonafarm Group” kompaniyasi ishtirokida parrandachilik klasteri tashkil etilishi ma’lum qilingandi.