Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida pul-kredit siyosati bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Markaziy banklar va hukumatlarning inflyatsiyani ushlab turish va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash o‘rtasidagi nozik muvozanatni saqlash uchun pul-kredit va fiskal siyosatini ehtiyotkorlik bilan o‘zgartirish zarurligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, narxlar barqarorligi, bandlik va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun tartibga soluvchilar tomonidan qo‘llanilishi kerak bo‘lgan samarali pul-kredit siyosati mexanizmlari hamda inflyatsiyaning oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda muhokamaning muhim mavzusi inflyatsiya bo‘ldi. O‘zbekiston Markaziy banki raisining o‘rinbosari Behzod Hamrayev mamlakatda inflyatsiya tez sur’atlar bilan o‘sib borayotganini, biroq boshqa rivojlangan mamlakatlardagi kabi tez emasligini ta’kidladi.

“Tenge Bank” ATB boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Shohruh Hakimov ham inflyatsiya mavzusiga to‘xtalib, uning mamlakat iqtisodiyotida mavjudligi to‘g‘risida o‘z fikrini bildirdi.

“Mening shaxsiy fikrimcha, inflyatsiyani nolga tushirishga qaratilgan siyosat bo‘lmasligi kerak. Inflyatsiya bo‘lsin, qolsin, shunday bo‘lishi kerak”, — dedi Shohruh Hakimov.

Behzod Hamrayev kredit berish ko‘rsatkichi keskin o‘sganini qayd etib, buning avtomobil, texnika va ipoteka kreditlariga ham tegishli ekanini bildirdi.

Kreditlarni qaytarmaslik darajasi hozirda 4%dan kam. Aholining daromadi har yili o‘sib bormoqda.

“Agar shunday davom etsa, O‘zbekiston iqtisodiyoti ishonchli tarzda saqlanib, o‘sib boradi”, — dedi Markaziy bank raisining o‘rinbosari.

“Besh yil oldin qimmatli qog‘ozlar bozori nolga teng edi. 2022-yilda banklar tomonidan qimmatli qog‘ozlarga investitsiyalar kiritish hajmi 3 baravar oshdi”, — deya qayd etdi Shohruh Hakimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shunday bo‘lishiga qaramay, korporativ obligatsiyalar hali ham dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

2022-yilda banklar balansidagi omonatlarning umumiy miqdori chet eldan olingan qarzlarga tenglashib, oshuvchi ko‘rsatkich qayd etdi. Aholining hissasi 40%ga oshdi va bu seilarli o‘sish bo‘ldi.


Joriy yilning mart oyida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 1% bandga pasaytirib, yillik 14% darajasida belgiladi.