Avvalroq “Mening yo‘lim” loyihasining joriy yilgi mavsumi uchun arizalar qabuli boshlangandi.

Loyiha “Ochiq budjet” axborot portali orqali amalga oshirilib, unga ichki yo‘llarning joylashgan manzili (geopozitsiyasi), to‘liq nomlari, uzunligi, holati (asfaltlangan, ta’mirtalab) va boshqa ma’lumotlari batafsil kiritiladi.

Shuningdek, ichki yo‘llar reyestridan geoma’lumotlar asosida tegishli yo‘lni tanlash orqali takliflarni qoldirish mumkin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “Mening yo‘lim” loyihasining taklif kiritish bosqichi yakunlangan.

Tuman (shahar) budjetlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun rejalashtirilgan mablag‘larning kamida 50% qismini fuqarolar fikri asosida yo‘naltirilishini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan loyihaning ushbu mavsumi uchun respublika bo‘yicha 10 317 ta tashabbusli taklif ro‘yxatga olindi.

Kiritilgan takliflarga ovoz berish jarayoni 7-may kuni soat 18:00 gacha havola orqali amalga oshiriladi.

Loyihaning joriy yilgi mavsumini moliyalashtirish uchun budjetdan 312 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan.


Avvalroq “Tashabbusli budjet"ning g‘olib loyihalari e’lon qilingandi. Unda 33 mingdan ortiq tashabbusdan 1 666 ta loyiha g‘olib deb topilib, ularni moliyalashtirish uchun 1 trln 571 mlrd 963 mln so‘m ajratiladi.

Shuningdek, loyihaning 1-mavsumida ishtirok etib, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan loyihalar moliyalashtiriladi. Xususan, ana shunday 1 309 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha 1,3 trln so‘m mablag‘ ajratiladi.