Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Suv resurslarini kompleks boshqarish: qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash” mavzusida panel munozarasi o‘tkazildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mutaxassislar fikricha, 2040−2050 yillarga kelib suv resurslariga talab ortib borishi jahon iqtisodiyotida tarkibiy o‘zgarishlarga olib keladi.

Xususan, 2050-yilga borib Yer yuzida 5 mlrd.dan ortiq odam u yoki bu darajada suv tanqisligini boshdan kechiradi.

Ekspertlar Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishi va oziq-ovqat xavfsizligi uchun suv resurslarini kompleks boshqarishning ahamiyatini muhokama qildi.

Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov suv resurslarining 80%i boshqa mamlakatlardan oqib kelishi, qolgan 20%i O‘zbekistonda hosil bo‘lishini ta’kidladi. Bundan 30−40 yil avval yaratilgan infratuzilma esa jiddiy modernizatsiyani talab qiladi.

Aholi sonining ko‘payishi va zahiralarning tugashi 2030-yilga borib mamlakatda 7 mlrd kub metr suv yetishmasligi yuzaga keladi.

“Avvalo, hududlarni qo‘shimcha hajmda suv bilan ta’minlash choralarini ko‘rish talab etiladi”, — dedi “Boston Consulting Group” boshqaruvchi direktori va hamkori Igor Alekseyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap yangi to‘g‘on va suv omborlari qurilishi haqida bormoqda. Shuningdek, Alekseyev suvni tejash tashabbuslarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan sarmoyani $19 mlrd.ga baholadi.

Shundan $4 mlrdi nasos stansiyalari uchun va $6 mlrd.ga yaqini suvni tejash texnologiyalarini joriy qilishga iqtisodiy agentlarga subsidiyalar uchun talab qilinadi.

“Moliya vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirliklari bilan birgalikda ushbu kanallar funksiyasini baholagan holda tizimning modelini ishlab chiqdik. Eng muhimi esa — ma’lum bir hududda suvni iqtisodiy ta’minlash tizimini yaratish”, — dedi u.

2022-yilning mart oyida suv isteʼmolchilari oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi prezident qaror imzolangandi. Hujjat bilan suv inshootlari klasterlar va xususiy sektorga berilishi ta’kidlangan.