“IT Park” tahlilchi hamda R&D mutaxassisi Timurmalik Elmuradovning O‘zbekiston IT-sohasida xotin-qizlarning roli haqidagi maqolasini e’lon qildi.
“IT Park” rezidentlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ayollarning umumiy soni jami xodimlar sonining 16,8%ini tashkil qilar ekan.
Agar O‘zbekiston aholisining 50%ini ayollar tashkil etishi hisobga olinsa, nomutanosiblik yaqqol namoyon, buni bartaraf etish yoki hech bo‘lmaganda kamaytirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Mazkur sa’y-harakatlar nafaqat adolatni tiklash, balki mamlakatda IT-mutaxassislari yetishmovchigi borasidagi muammoni hal qilishga yordam beradi.
Nima uchun IT-sohasida ayollar kam?
O‘zbekiston IT-sohasida gender nomutanosibligi kuzatilgan yagona davlat emas. Deyarli barcha mamlakatlar bu muammoga turlicha tarzda duch keladi.
Xususan, “McKinsey” tadqiqotiga ko‘ra, ayollar Yevropa kompaniyalaridagi barcha texnik lavozimlarning atigi 22%ini egallaydi.
Buning bir qancha sabablari bor: patriarxal turmush tarzi-yu tarixan mustahkamlanib qolgan gender tengsizligidan tortib, iqtisodiy vaziyat va umuman IT-sohasining orqada qolishigacha.
Biroq, barcha mamlakatlarda ko‘pincha ikkita asosiy to‘siq uchraydi.
Birinchisi — stereotip.
Masalan, hali ham jamiyatda texnika fanlari qizlardan ko‘ra o‘g‘il bolalarga xos, degan fikr mavjud.
Bu noto‘g‘ri tushuncha negizida Aristotelning asarlari yotadi. Faylasuf fikricha, erkaklar tabiatan ayollardan ko‘ra ratsional (oqilona) fikrlashga moyil.
Ushbu tushunchalar ta’sirida qizlarda texnologiya sohasi ular uchun emas, degan fikr shakllanadi, natija o‘laroq erkaklar orasida ITga qiziqish ayollarga nisbatan yuqori.
Ikkinchi to‘siq — diskriminatsiya (kamsitish).
Agar, deylik, ayol kishi qandaydir tarzda stereotiplar ta’siriga tushib qolmay, dasturchi kasbini tanlagan bo‘lsa ham, u kelajakda ish topish va yuqori lavozimga ko‘tarilishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.
Misol uchun, bir necha yil oldin ma’lum bo‘lishicha, “Google” kompaniyasi garchi ayollar kasbiy malakasi bo‘yicha qolishmasa-da erkaklarni yuqori lavozimga ko‘tarishga ko‘proq yon bosar ekan.
Bu kabi “kamsitish” qanchadan-qancha ayol-qizlarning texnologiyadan tezda “sovushiga” va ayollar uchun an’anaviy hisoblangan sohalarga ketishiga olib keladi.
IT-sohasida ayollar ko‘p bo‘lishi nega muhim?
Ancha yillar davomida IT erkaklar kasbi deb hisoblangan.
Biroq, vaqt o‘tishi bilan kompaniya rahbarlari ayollar muammolarni hal qilishda yangicha yondashishlari va mahsulotni ishlab chiqishda noyob g‘oyalar taklif qilishlarini tushunib yetishdi.
Mamlakat rahbarlari, o‘z navbatida, texnologiya sohasida ayollar qancha ko‘p bo‘lsa, mamlakatda boy aholi shunchalik ortishini anglab yetdi.
Shu tariqa, asosiy afzalliklar shakllandi:
- Jamoada ayollar bo‘lgan kompaniyalar ko‘proq innovatsion mahsulotlar ishlab chiqaradi. Bu “Garvard Business Review” tadqiqotida isbotlangan.
- Ayollar tomonidan asos solingan kompaniyalar yaxshi daromad keltiradi. Buni “Boston Consulting Grup” tadqiqoti isbotladi.
- Texnologiya sohasida ayollar qanchalik ko‘p bo‘lsa, jamiyatda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi maosh farqi shunchalik kamayadi. Bu “NCWIT” tadqiqoti tomonidan tasdiqlangan.
- Ayollar boshchiligidagi kompaniyalar ijtimoiy masalalarga ko‘proq e’tibor berishadi. Buni “Journal of Entrepreneurship & Organization Management” jurnali tadqiqoti isbotladi.
Qolaversa, “Kauffman Fellows” tadqiqotiga ko‘ra, ayol ta’sischilar asos solgan startaplarga ko‘proq ayollar ishga jalb qilinar ekan.
Bu holda bitta musbat orqali yangilarining paydo bo‘lishi, ya’ni “Domino” effektining yaqqol namunasini ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda IT-sohasida ayollar soni oshyaptimi?
Boshqa davlatlardagidek, hozir O‘zbekistonda ham texnika sohasida ayollar soni kam.
Hatto IT kompaniyalarida ayol kishi bo‘lgan sanoqli holatlarda ham, odatda unga texnik bo‘lmagan xodim roli tegadi.
Xususan, “IT Park” respondentlarining 27%i texnik bo‘lmagan xodimlar orasida ayollar ulushi 40%dan ortiq ekanligini, yana 9% respondentlar 30%dan 40%gacha bo‘lgan qiymatni ko‘rsatdi.
Shu bilan birga, respondentlarning 87%i texnik xodimlar orasida ayollar ulushi 40%dan kam ekanligini ta’kidladi.
Boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham ayol-qizlarning IT-sohasiga kirib borishi uchun institutsional cheklovlar yo‘q va muammo ko‘proq “friyendly” (do‘stona) madaniyat masalasiga borib taqaladi.
Bu yerda asosiy jihat “IT — bu erkaklar kasbi”, “texnologiya ayollar uchun emas” qabilidagi tushunchalarni o‘zgartirishdir.
“IT Park” tomonidan hozirda mazkur yo‘nalishda ishlar olib borilmoqda hamda o‘tgan yili bir nechta loyiha ishga tushirildi:
- “IT Women — Karakalpakstan” (Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida USAID bilan hamkorlikda)
Qoraqalpog‘istondagi ayollar va qizlar uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha o‘quv dasturi.
Loyiha doirasida 60 nafar xotin-qizlar bepul ta’lim oldi (30 nafar ayol grafik dizayn, 30 nafari SMM bo‘yicha kurslarda qatnashdi).
- “Skills4Girls” (UNICEF bilan)
12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar, shu jumladan turli shakldagi nogironligi bo‘lgan qizlar uchun IT bo‘yicha o‘quv dasturi.
“Skills4Girls” raqamli savodxonlik loyihasi 214 nafar ishtirokchi, jumladan, 70 nafar imkoniyati cheklangan qizlarga ta’lim berdi.
- “GAP” ayollar IT klubi
IT-sohasida ayol kadrlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammoni hal qilishga qaratilgan munozara klubi. Klub tashkilotchilari tomonidan maxsus taklif etilgan mutaxassislar va mehmonlar bilan bir necha uchrashuvlar o‘tkazib ulgurildi.
- “Digital Internship Program”
Axborot texnologiyalari bo‘yicha bitiruvchilar va boshlang‘ich bosqichdagi yosh mutaxassislar uchun amaliyot dasturi.
Dastur doirasida 53 nafar qiz IT-kompaniyalarda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shundan 23 nafari ishga joylashdi, qolganlari esa korxonalarda o‘z amaliyotini uzaytirish imkoniga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, “Astrum IT” akademiyasi bilan birgalikda YEXHT dasturi doirasida tadbirkor ayollar uchun IT-ko‘nikmalar va raqamli marketing yo‘nalishida malaka oshirish kurslari o‘tkazildi.
150 nafar tadbirkor ayol axborot texnologiyalari va kompyuter savodxonligi bo‘yicha o‘qitildi, 90 nafar ishtirokchi esa elektron tijorat va raqamli marketing yo‘nalishida IT-vositalar bo‘yicha malaka oshirishning ikkinchi bosqichiga qabul qilindi.
IT-mutaxassislar yetishmasligi hamda aholi bandligini ta’minlash
Bir necha yil oldin “GitHub"ning 1,4 mln foydalanuvchisini qamrab olgan tadqiqot natijalari e’lon qilingandi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ayollarning dasturlash qobiliyati nafaqat erkaklaridan qolishmaydi, balki bir qadar ustun hamdir.
Ayollarning kamdan-kam hollarda IT-sohasini tanlashi sababi bir vaqtlar kimdir ularni bu erkaklar sohasi deb ishontirganida.
O‘zbekistonda ayollar aholining yarmini — qariyb 18 mln kishini tashkil etadi, shundan 3 mlndan ortig‘i 20 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan ayol-qizlar.
Ayol-qizlar IT-sohasini tanlashda rag‘batlantirilib, qulay sharoit va do‘stona madaniyat shakllantirilgan taqdirda, bular istiqbolli natijalarga erishilishi uchun kattagina raqamlar.
Mamlakat tomonidan mazkur yo‘nalishda sa’y-harakatlar yaqinda boshlangan bo‘lsa-da, hozirdanoq salmoqli natijalar mavjud.
Agarda joriy dasturlar kengaytirilib yangilari ishga tushirilsa, turli stereotip va kamsitish holatlari yengib o‘tilsa, texnologiya sohasida ayollar soni tezroq o‘sishni boshlaydi.
Bu IT-mutaxassislar yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammoni bartaraf etish va aholi bandligini ta’minlashning eng maqbul yo‘lidir.
Miyaning faqat bitta yarim sharidan foydalanib yashash mumkin, ammo ikkalasi ham ishtirok etgani yaxshiroq.
Texnologiya sohasidagi erkaklar va ayollar soni mutanosibligiga kelsak, mazkur jarayon ham aynan shu tamoyilga asoslanadi.
Avvalroq texnopark Timurmalik Elmuradovning BPO bo‘yicha dunyo va O‘zbekiston tajribasi haqidagi maqolasini e’lon qilgandi.