“Centrum Air” aviakompaniyasi Toshkent-Sharm El-Shayx yoʻnalishi boʻyicha charter reyslarni yoʻlga qoʻyadi. Bu haqda tashuvchi matbuot xizmati xabar berdi.
Birinchi qatnov 2-mayga rejalashtirilgan boʻlib, charter reyslar haftada bir marta — har seshanba kuni amalga oshiriladi.
Qizil dengizdagi kurort shaharchasiga reyslar “Prestige Travel” turoperatori bilan hamkorlikda tashkil etiladi, deyiladi xususiy tashuvchining xabarida.
2022-yil aprel oxirida “Uzbekistan Airways” Misrga muntazam reyslar yo‘lga qo‘yilishi haqida e’lon qilgandi.
Toshkent va Sharm el-Shayx oʻrtasidagi reyslar har haftaning shanba kunlari amalga oshirilardi.
Oktabr oyida aviakompaniya 23-noyabrdan ushbu xalqaro yoʻnalishda chorshanba kunlari qo‘shimcha qatnovlarni yo‘lga qo‘yilishi haqida ma’lum qildi.
Fevral oyida “Air Cairo” Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi aviaqatnovlarni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
Kompaniya Xurgada va Sharm ash-Shayxga reyslar sonini ko‘paytirish, shuningdek, Toshkentdan Qohiraga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys tashkil etishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq “Spot” “Centrum Air” aviakompaniyasi Namangan va Toshkentdan Jidda shahriga parvoz qila boshlagani haqida yozgandi.