Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) bilan “Navoiyazot” korxonasini xususiylashtirishga ko‘maklashishga kelishib oldi, deya xabar bermoqda agentlik matbuot xizmati.

Tegishli kelishuv 28-aprel kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolangan.

Xalqaro moliya korporatsiyasi zavodni xususiylashtirishdan oldin tayyorlash bo‘yicha strategik maslahatchi sifatida ishlaydi.

Fevral oyi oxirida “Navoiyazot” sotuvi bo‘yicha yetakchi maslahatchi qidirish boshlangandi.

Maslahatchi aktivning tegishli tahlilini o‘tkazishi kutilmoqda. Shuningdek, u investorlarning kompaniya va uning qismlariga bo‘lgan qiziqishini o‘rganishi va to‘plangan ma’lumotlarga asoslanib, zavodni xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqishi kerak.

Prezident 2022-yil oktabr oyida “Navoiyazot” texnik majmuasini Xalqaro moliya korporatsiyasi maslahatchilari ishtirokida o‘rganish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Joriy yil 1-sentabrga qadar korxonani yanada rivojlantirish strategiyasini yaratish kutilmoqda.

Oʻtgan yil noyabr oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan iqtisodiy forumda Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov “Navoiyazot"ni xususiylashtirish rejasini maʼlum qilgandi.

Joriy yilning kuzida mamlakatdagi eng yirik kimyo zavodini sotish bo‘yicha ishlarni boshlash rejalashtirilgan.

Mart oyida Shavkat Mirziyoyev “Navoiyazot” va yana 30 ta korxonadagi davlat ulushlarini Strategik islohotlar agentligiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.

“UzAssets” investitsiya kompaniyasiga korxonalarni boshqarish tizimini isloh qilish, ularga xususiy investorlarni jalb etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Kompaniya haqida

“Navoiyazot” mineral o‘g‘itlar, kimyoviy reagentlar va boshqa kichik hajmdagi kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekistondagi yirik kimyo sanoati korxonalaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston kimyo mahsulotlarining 30%dan ortig‘ini ishlab chiqaradigan “Navoiyazot” kimyo sanoatining tayanch korxonalaridan biri bo‘lib, respublika sanoati, transport, qishloq xo‘jaligi va yoqilg‘i-energetika kompleksining deyarli barcha tarmoqlarini qamrab olgan.


Avvalroq “Spot” prezident qarori bilan davlat mulkini xususiylashtirish dasturi tasdiqlangani haqida yozgandi.