Prezident “Davlat qarzi to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjat bilan davlat organlarining davlat qarzini boshqarish vakolatlari belgilandi.

Unga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.

Qonunga ko‘ra, davlat qarzini boshqarish quyidagilardan iborat:

  • davlat qarzini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish;
  • davlat tomonidan mablag‘ jalb etish;
  • davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘larni boshqarish;
  • davlat qarzi bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish;
  • davlat qarzini restrukturizatsiya qilish;
  • davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘larni qaytadan kreditlash;
  • davlat kafolatini rasmiylashtirish va taqdim etish;
  • davlat qarziga oid shartnomalarni va davlat kafolatlarining ro‘yxatini yuritish.

Shuningdek, bunga davlat qarzining hisobi va hisobotini yuritish hamda davlat qarzi bo‘yicha xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash va davlat kafolatlarini bajarish ham kiradi.

Unga ko‘ra, davlat qarzini boshqarish strategiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan fiskal strategiya bilan birgalikda 3 yil muddatga tasdiqlanadi.

Davlat qarzi ichki va tashqi qarzni o‘z ichiga oladi hamda qisqa (1 yilgacha), o‘rta (1 yildan 5 yilgacha), uzoq muddatli (5 yil va undan ortiq muddatga) bo‘lishi mumkin.

Davlat qarzining eng yuqori miqdori YaIMning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60%idan oshmasligi kerak.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.


Avvalroq to‘lovlarni amalga oshirishda vositachilik haqining chegaraviy miqdori belgilangandi.