Statistika agentligi yanvar-mart oylari bo‘yicha O‘zbekiston hududlaridagi korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqiga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, o‘tgan davrda mamlakatda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 4,9 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan 19,7%ga oshgan.

Dastlabki uch oyda hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda kuzatilgan bo‘lib, o‘rtacha maosh 6,6 mln so‘mni tashkil etgan. Natijada ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 26,6%ga oshgan.

Undan keyingi o‘rinda 5,5 mln so‘m o‘rtacha ish haqi bilan Navoiy turibdi. Toshkent viloyati esa 4,1 mln so‘m o‘rtacha oylik ish haqi bilan kuchli uchlikka yakun yasagan.

Eng kam o‘rtacha oylik ish haqi esa Farg‘ona viloyatiga to‘g‘ri keladi — 3 mln so‘m.

Shuningdek, ko‘rsatkich Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo hamda Namangan viloyatlarida ham 3,1 mln so‘m atrofida shakllangan.

Hududlardagi korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi bilan quyida tanishish mumkin:


Hududlar
O‘rtacha oylik ish haqi
2022-yilga nisbatan o‘sishi
1
Toshkent shahri
6 617 500 so‘m
26,6%
2
Navoiy viloyati
5 486 700 so‘m
15,4%
3
Toshkent viloyati
4 091 400 so‘m
11,8%
4
Andijon viloyati
3 504 500 so‘m
17,9%
5
Buxoro viloyati
3 487 100 so‘m
17,1%
6
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
3 468 200 so‘m
18,9%
7
Xorazm viloyati
3 427 000 so‘m
20,4%
8
Sirdaryo viloyati
3 421 800 so‘m
18,9%
9
Namangan viloyati
3 182 800 so‘m
19,2%
10
Surxondaryo viloyati
3 163 200 so‘m
20,7%
11
Jizzax viloyati
3 153 700 so‘m
17,7%
12
Samarqand viloyati
3 182 800 so‘m
20,5%
13
Qashqadaryo viloyati
3 092 700 so‘m
15,1%
14
Farg‘ona viloyati
3 065 600 so‘m
17,3%

Qayd etilishicha, o‘rtacha oylik ish haqini hisoblashda 3 mln 57 842 ta xodim ma’lumotlaridan foydalanilgan.

Iqtisodiy faoliyat bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich moliya va sug‘urta sohasida qayd etilgan — 11 mln so‘m. Undan keyingi o‘rinda axborot va aloqa sohasi (9,3 mln so‘m) turibdi.

Uchinchi o‘rinda esa tashish va saqlash sohasi mavjud, ya’ni uch oyda mazkur sohada o‘rtacha ish haqi 6,1 mln so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, sanoat — 5,1 mln so‘m, qurilish — 5 mln so‘m, savdo — 4,5 mln so‘m hamda ta’lim sohasida 2,9 mln so‘mni quragan.

Eng kam ko‘rsatkich esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasiga to‘g‘ri keladi. Birinchi chorakda mazkur sohada o‘rtacha ish haqi 2,7 mln so‘mni tashkil etgan.

2022-yilda O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 3 mln 892 ming so‘mni tashkil etgandi. Hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkentda kuzatilib, 6 mln 314 ming so‘mni tashkil etgan.

“HeadHunter"ga ko‘ra, yanvar oyida taklif qilingan o‘rtacha ish haqi 4,9 mln so‘mni tashkil etgan.