Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Germaniyaning “KfW” banki o‘rtasida “Raqamli sog‘liqni saqlash islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi uchun 45 mln yevro miqdorida qarz bitimi hamda 5,5 mln yevro miqdorida grant bitimi imzolangan.

Mablag‘lar 5 yillik imtiyozli davr bilan 12 yil muddatga ajratiladi. 2022-yilning avgust oyida bank mablag‘lari jalb qilinishi ma’lum bo‘lgandi.

Hujjat bilan, Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish bo‘yicha mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi.

Qarz mablag‘larini qaytarish davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish uchun esa Raqamli sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish loyiha ofisi tashkil etiladi.

Shuningdek, loyiha doirasida joriy etilayotgan axborot tizimlaridan foydalanish bo‘yicha litsenziyalar uchun to‘lovlar ularni joriy etish xarajatlari tarkibiga kiritiladi hamda ular axborot tizimi amaliyotga to‘liq joriy etilgandan so‘ng kamida 5 yil mobaynida amal qiladi.

Iqtisod qilingan mablag‘lar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini raqamlashtirish hamda kompyuter texnikasi vositalarini xarid qilishga yo‘naltiriladi.

Qaror bilan 2023−2025 yillarda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi hamda unda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • “Elektron retsept” (reimbursatsiya) tizimini joriy etish;
  • Sanatoriylarga yo‘llanma olish, navbatni kuzatish va mavjud bo‘sh o‘rinlarni ko‘rish imkoniyatini beradigan “Elektron sanatoriy” platformasini ishlab chiqish;
  • Onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning elektron ro‘yxatini yuritishga mo‘ljallangan “Cancer-registr” axborot tizimini joriy etish;
  • Ona va bola salomatligi pasportining elektron tizimini yaratish.

Shu bilan birga, Yagona portal orqali vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari ma’lumotnomalarini olish imkoniyatini yaratish ham belgilangan.

Avvalroq Germaniyaning Sharite va Robert Kox universitetlari klinikalari bilan hamkorlikda “Robert Kox-Ibn Sino” tibbiyot fondi tashkil haqida xabar berilgandi.

2022-yilning noyabr oyida KfW banki O‘zbekistondagi tibbiyot markazlarini modernizatsiya qilishga 11,3 mln yevro ajratishi ma’lum qilindi.

Loyiha doirasida tibbiyot muassasalari quvvati 4 746 o‘ringa yetkazilib, 23 563 ta ish o‘rni yaratilishi qayd etilgan.

Avvalroq, O‘zbekistonda tibbiyot sohasini raqamlashtirishga Turkiya mutaxassislari jalb qilinishi haqida xabar berilgandi.