Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Germaniyaning “Deutsche Sparkassenstiftung für internationale Kooperation” fondi o‘rtasida anglashuv memorandumi tuzildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, hujjat bilan hamkorlikning quyidagi asosiy yo‘nalishlari belgilandi:
- qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini qo‘llab-quvvatlash;
- O‘zbekistonning muayyan banklaridagi mavjud aylanma kredit fondlardan foydalanishni kengaytirish;
- yosh fermerlarni tadbirkorlikka o‘rgatishda biznes simulyatsiyalaridan foydalanish.
Shuningdek, hujjatda “Risk radari” va “Yashil moliyaviy kompas” kabi moliya sohasidagi yondashuvlarni O‘zbekiston agrar sohasida joriy etish belgilangan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “JD East” dasturi o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomasi qishloq xo‘jaligi ta’limi, amaliyot va seminarlar tashkil etish masalalarini qamrab oladi.
Unga ko‘ra, “JD East” har yili o‘zbekistonlik talaba va bitiruvchilar, shuningdek yosh fermerlar uchun muddati 2 haftadan 12 oygacha bo‘lgan qishloq xo‘jaligi amaliyoti va seminarlarini tashkil etadi.
Bunda Germaniyada yashash va ta’lim olish uchun kerakli barcha rasmiyatchiliklar, hujjatlar tayyorlash ishlarini “JD East” o‘z zimmasiga oladi.
Dastur yo‘nalishi talabalarning o‘quv rejasiga, yosh fermerlarning faoliyat yo‘nalishiga qarab belgilanishi ta’kidlangan.
Avvalroq Germaniyaning “KfW” banki Surxondaryo va Farg‘onada ichimlik va oqova suv xizmatlarini yaxshilashga 200 mln yevro ajratishi ma’lum qilingandi.