Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Cenomi Group"ning O`zbekiston bozoriga kirishi haqida eʼlon qilindi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar bermoqda.
“Cenomi” (sobiq Al Hokair) portfeliga Inditex guruhining “Zara”, “Zara Home”, “Massimo Dutti”, “Bershka”, “Pull & Bear”, “Oysho” va 'Stradivarius" kabi brendlari kiradi.
Bundan tashqari, “Cenomi” Saudiya Arabistoni Qirolligidagi eng yirik franchayzing riteylchisi boʻlib, yaqin sharq va MDH mintaqalarida 1728 ta doʻkon va 92 ta brendni qamrab oladi.
Avvalroq “Tashkent City Mall"da Saudiyaning “Cenomi Retail” kompaniyasi vakillari uchrashuv boʻlib o‘tgani haqida xabar berilgandi.
Uchrashuvda “Subway” tez ovqatlanish restoranlari tarmogʻi Toshkentda oʻzining birinchi restoranini nochish rejalari ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, restoran yangi qurilayotgan “Tashkent City Mall” savdo-koʻngilochar markazida joylashadi.
“Subway” — bu franshiza tamoyili asosida ishlaydigan tez ovqatlanish restoranlari tarmogʻi. 2017-yil holatiga koʻra, u 110 mamlakatda 44 mingdan ortiq restoranni oʻz ichiga olgan.
Asosiy sotiladigan mahsulotlari — submarin-sendvichlaridir. Bu mijozning oldida tayyorlanadigan choʻzilgan sendvichlar. Tarmoqning xususiyatlaridan biri — mijoz ingrediyentlarni tanlaydi, oshpaz ulardan sendvich yigʻadi.
Shuningdek, “Cenomi Retail” kompaniyasi vakillari savdo markazida “Cinnabon” kafe-nonvoyxonasi uchun joyni koʻzdan kechirgandi.
Fevral oyi boshida “Cinnabon” O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
“Cenomi Retail” — sobiq “Alhokair Fashion Retail” chakana savdo kompaniyasi. 1990-yilda asos solingan. Hozirda kompaniya 13 mamlakatdagi 100 ta savdo markazlarida 1842 ta doʻkonga egalik qiladi.
Avvalroq Rossiyaning “Vkusno — i Tochka” fastfud restoranlari tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishi mumkinligi haqida ma’lum qilingandi.
Keyinchalik mazkur fastfud restoranlari tarmog‘i tovar belgisini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Shuningdek, Fransiyaning “Groupe Casino” kompaniyasi O‘zbekistonda do‘konlar ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Kompaniya giper, super va mini-marketlar, chegirmali hamda ulgurji do‘konlar tarmog‘iga egalik qiladi.