Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan, 1-iyuldan undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilganda garovni “E-auksion” platformasida auksionga kreditorning yoki qarzdorning buyurtmasi asosida qo‘yishga ruxsat etiladi.
Hisob-kitob va kredit munosabatlaridan kelib chiqadigan asoslar bo‘yicha qarzni undirish uchun notariuslardan ijro xati olishda tijorat banklari oldidagi qarzni ikki tomonlama tasdiqlovchi solishtirish dalolatnomasi talab etilmaydi.
2024 yildan quyidagilar joriy etiladi:
- to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayonida kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini garovga qo‘yilgan mol-mulk qiymatidan qanoatlantirishda ularga mutlaq ustunlik berish;
- garovga qo‘yilgan mol-mulkni takroriy auksionda sotish mumkin bo‘lgan eng past narxni auksion obyekti boshlang‘ich narxining 80%i miqdorida belgilash.
Bunda, mol-mulk takroriy auksionda realizatsiya qilinmasa, undiruvchiga ushbu mol-mulkni auksion boshlang‘ich narxidan 25% past qiymatda o‘zida qoldirish taklif qilinadi.
Shuningdek, undiruv qaratilgan garovga qo‘yilgan mol-mulkning ochiq kimoshdi savdosida sotilishini garovga qo‘yuvchining iltimosiga asosan kechiktirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda.
Qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishi jarayoni boshlanishi munosabati bilan davlat ijrochisi tomonidan ijro ishini tamomlash hamda mol-mulkni tasarruf qilishga doir cheklovlarni olib tashlash amaliyoti bekor qilinadi.
Avvalroq xalqaro mablag‘lar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarga QQS bo‘yicha imtiyozlar berilishi ma’lum qilingandi.