Germaniyaning “KfW” banki Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida ichimlik suvi ta’minoti hamda oqova suv xizmatlarini yaxshilashga jami 200 mln yevro ajratadi. Bu haqda “O‘zsuvta'minot” matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, tomonlar 130 mln yevro kredit va 70 mln yevro grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha anglashuv memorandumi, “Yo‘l xaritasi” hamda grant bitimini imzolagan.
Loyiha doirasida mablag‘lar quyidagicha yo‘naltiriladi:
- 126 mln yevro Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarining ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini rivojlantirishga;
- 34 mln yevro Termiz shahri oqova suv tizimini yaxshilashga;
- 30 mln yevro Surxondaryo viloyatining tuman markazlarida oqova suv tizimini qurishga;
- 10 mln yevro bankning O‘zbekistondagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga.
Shuningdek, “Aqua Sonsult Ingenieur GmbH” kompaniyasi bilan “Samarqand viloyatining 6 ta tuman markazlari va shaharchalarida oqova suv tizimlarini qurish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
“German Vater Partnership” kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjat suv va elektr energiyasini tejovchi innovatsion texnologiyalar asosida boshqaruv samaradoriligini oshirish, suv yo‘qotishlarini hamda elektr energiya xarajatini kamida 3−4 barobar kamaytirishga qaratilgan.
Atrof muhit federal agentligi (UBA) bilan hamkorlikda soha mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha har yili Germaniyada o‘rta muddatli ta’lim olish kurslari va amaliyot o‘tash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Avvalroq sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishga “KfW” banki 45 mln yevro qarz hamda 5,5 mln yevro grant mablag‘lari yo‘naltirishi haqida xabar berilgandi.
Aprel oyida bank bilan umumiy qiymati 175 mln yevroga teng bo‘lgan 7 ta investitsiyaviy hamda grant loyihasi amalga oshirilayotgani ma’lum qilingandi.
Loyihalar sog‘liqni saqlash muassasalarini modernizatsiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, muqobil energiya manbalarini ishga tushirish va tibbiy ta’limga qaratilgan.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida $9 mlrdlik loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida xabar bergandi.