Germaniyaning “Linde” kompaniyasi “Navoiyazot” bilan qo‘shma korxona tashkil etadi. Bu haqda “O‘zkimyosanoat” kompaniyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bu bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston-Germaniya forumi doirasida “Havoni taqsimlash uskunasini o‘rnatish” loyihasini amalga oshirishga qaratilgan kelishuvni imzoladi.
Dastlabki hisob kitoblarga ko‘ra loyiha qiymati $90 mln.ini tashkil etadi hamda uning doirasida 800 ming kub.metrdan ortiq gazsimon kislorod va azot ishlab chiqarish ko‘zlangan.
Bu esa yiliga 91 mln kVt/soat elektr energiyasini tejash imkonini berishi ta’kidlangan.
Mazkur loyihada “Linde” kompaniyasi pudratchi sifatida ishtirok etadi hamda asosiy investor sifatida 51% aksiyalarga egalik qiladi.
Qayd etilishicha, loyihani 2026-yilning birinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Avvalroq Xalqaro moliya korporatsiyasi “Navoiyazot"ni xususiylashtirishda maslahatchi vazifasini bajarishi ma’lum bo‘lgandi. Joriy yilning kuzida kimyo zavodini sotish bo‘yicha ishlar boshlanishi rejalashtirilgan.