Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Aloqabank"ning ma’muriy binolari bilan tuzilgan shartnoma bekor qilingan. Bu haqda Markaziy bankda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.

Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratovning ta’kidlashicha, auksionda g‘olib chiqqan “Black Gold Industry News” buning uchun bankning o‘z mablag‘lari hisobidan imtiyozli kredit olish niyatida bo‘lgan.

Joriy yilning 4-aprel kuni Toshkent markazi — Amir Temur maydoni yaqinida joylashgan Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Aloqabank” ma’muriy binolari bo‘yicha savdolar bo‘lib o‘tdi.

G‘olib kompaniya taklif kiritgan yagona ishtirokchi bo‘ldi. “Black Gold Industry News” har ikkala lot uchun jami 386,99 mlrd so‘m taklif qildi.

Shu bilan birga, 2022-yilning yanvar oyida Ziyodulla Jalolov tomonidan tashkil etilgan kompaniyaning ustav kapitali atigi 8 mln so‘mni tashkil etgan.

Yagona korporativ axborot portali ma’lumotlariga ko‘ra, 3-aprel kuni — kim oshdi savdosidan bir kun oldin “Aloqabank” “Black Gold Industry News"ga 390 milliard so‘m kredit ajratgan.

Shuningdek, mablag‘lar 15 yilga 14%lik imtiyozli stavkada berilgan. Kredit “SXF Technology Invest” tomonidan kafolatlangan.

Biroq, imtiyozli kredit ajratish bo‘yicha tuzilgan shartnoma ham auksiondan bir kun avval bekor qilingan. Markaziy bank rahbari buning sababini keltirib o‘tgani yo‘q.

Raqamli texnologiyalar vazirligi binosi o‘tgan yilning aprel oyida, “Aloqabank” ofisi esa noyabr oyida kimoshdi savdosiga qo‘yilgandi. Binolar tegishli ravishda 66,52 mlrd so‘m va 302,04 mlrd so‘mga baholangandi.