“Centrum Air” aviakompaniyasi Toshkent-Tbilisi yo‘nalishida parvoz qiladi. Bu haqda xususiy aviakompaniya Instagram sahifasida xabar bermoqda.
Birinchi reys 13-mayga rejalashtirilgan bo‘lib, Toshkent va Tbilisi o‘rtasida reyslar har hafta amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, parvozlar “Easybooking” xizmati bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
“Centrum Air” xususiy aviakompaniyasi 15-fevralda yo‘lovchilarni tashishni boshlagani haqida xabar berilgandi.
Birinchi yo‘lovchi parvozi Toshkentdan Farg‘onaga amalga oshirildi.
Bundan tashqari, 17-fevraldan boshlab aviakompaniya Toshkent-Urganch-Toshkent yo‘nalishida charter reyslarini yo‘lga qo‘ydi. Parvozlar haftasiga ikki marta — juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
“Centrum Air” “Uzbekistan Airways"ning havo yuklarini tashish boʻyicha bosh agenti “My Freighter” tomonidan yo‘lovchilar uchun sho‘ba korxona sifatida tashkil etilgan.
Yanvar oyida aviakompaniya yoʻlovchi tashishga ruxsat oldi va shuningdek, birinchi ikkita Airbus A320−232 samolyotini sotib oldi. Tez orada yana bir yoʻlovchi borti — Boeing 737ni sotib olishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya ma’lumotlariga koʻra, aviakompaniyaning asosiy faoliyat yoʻnalishi mintaqalararo tashish va xususan, ichki turizmni rivojlantirish boʻladi.
Shuningdek, kelgusida tashuvchi xalqaro yo‘nalishlarni ham rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq “Spot” “Centrum Air” Toshkent-Sharm El-Shayx yo‘nalishida charter reyslarini yo‘lga qo‘yishi haqida xabar bergandi.
Birinchi qatnov 2-mayga rejalashtirilgan boʻlib, charter reyslar haftada bir marta — har seshanba kuni amalga oshiriladi.