Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Tabiat resurslari vazirligi va Janubiy Koreyaning “Sejin G&E Co” kompaniyasi o‘rtasida qiymati $55 mlnga teng bitim imzolandi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Mazkur bitim maishiy chiqindilar poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishga qaratilgan.

2018-yilda Vazirlar mahkamasining qaroriga binoan, Ohangaron va Parkent tumanida chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarilishi belgilangandi.

Qarorga muvofiq, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan “Sejin G&E Co” kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan Investitsiya shartnomasi tasdiqlangandi.

Shartnomaga ko‘ra, kompaniya tomonidan Toshkent viloyatida xorijiy kapital 100% bo‘lgan MCHJ shaklida xorijiy korxona tashkil etilishi, 2018−2020-yillar mobaynida $55 mln miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilishi belgilangandi.

Shuningdek, Ohangaron tumanidagi “Ohangaron” va Parkent tumanidagi “Maydontol” maishiy chiqindilar poligonida hosil bo‘ladigan chiqindi gazidan (metandan) umumiy ishlab chiqarish quvvati kamida 16 MVt bo‘lgan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 12 ta yangi zamonaviy generator va yordamchi uskunalar o‘rnatilishi reja qilingandi.


Avvalroq “Spot” BAA kompaniyasi Toshkentda chiqindi suvlarni tozalash inshootini qurishi haqida yozgandi.

Kompaniya Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanining “Surum” MFY hududida barpo etilishi rejalashtirilgan Oqava suvlarni yig‘ish va tozalash inshootining dastlabki loyihasini taqdim etdi.

Uni takomiliga yetkazish uchun ba’zi texnik va tashkiliy-huquqiy masalalarni birgalikda hal etish lozimligi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, 2 bosqichli loyiha sutkasiga 1,5 mln metr kub chiqindilarni to‘plash hamda tozalash imkonini beradi.

Shuningdek, loyiha doirasida tozalash inshootini qurish bilan birga, mavjud tozalash inshootlariga yo‘naltirilgan barcha markaziy quvurlarni integratsiya va modernizatsiya qilish belgilangan.