Berlinda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Germaniya biznes-forumi doirasida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi mamlakat kompaniyalari bilan hamkorlik kelishuvlarini amalga oshirdi. Bu haqda uyushma matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, jami 9 ta kelishuv va hamkorlik shartnomalarining umumiy qiymati 113,3 mln yevroga teng. Shundan 7 tasi investitsiyaviy, 2 tasi eksport xarakteriga ega.

Xususan, 35 mln yevrolik mahsulotlar Germaniyaga eksport qilinishi hamda 78.3 mln yevrolik investitsiya loyihalari hamkorlikda amalga oshirilishi belgilangan.

Kelishuv Germaniyaning “Siemens AG”, “Diehl Metering”, “TEC-Components”, “Gierus”, “Enertech”, “Viessmann Werke”, “Infineon Technologies”, “Niehoff”, “Leoni”, “Garden Dreams International”, “RBB aluminium Vertrip”, “Benkam Europe” kompaniyalari bilan hamkorlik qilishni nazarda tutadi.

Shuningdek, elektronika korxonalari bilan hamkorlik loyihalarining realizatsiyasi 2023−2026-yillarda amalga oshirilishi belgilangan.

Avvalroq Germaniyaning “KfW” banki Surxondaryo va Farg‘onada ichimlik va oqova suv xizmatlarini yaxshilashga 200 mln yevro ajratishi ma’lum qilingandi.

Undan keyin, o‘zbekistonlik yoshlar qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha Germaniyada amaliyot o‘tashga jalb qilinishi haqida xabar berildi.