Qirg‘iziston Jogorku Keneshi “27-yanvarda imzolangan Qirg‘iziston hukumati va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida 2006-yil 3-oktabrdagi fuqarolarning o‘zaro sayohati to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomani ratifikatsiya qilish haqida"gi qonun loyihasini qabul qildi, deya xabar bermoqda “AKIPress” nashri.

Unga ko‘ra, bayonnomada fuqarolarning ikki davlat hududiga kirish, chiqish, tranzit orqali borish, harakatlanish va bo‘lish hujjatlari ro‘yxatini yangilash nazarda tutilgan.

Xususan, Qirg‘iziston tomoni kelishuvning 1-ilovasi 3-bandiga “ID-karta” so‘zlari bilan to‘ldiriladigan o‘zgartirish kiritadi.

Shu bilan birga, 1-ilovaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga nisbatan 5-bandi chiqarib tashlandi.

Qirg‘iziston fuqarolarini noqonuniy olib chiqib ketish xavfini kamaytirish maqsadida 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasidagi ilova Qirg‘iziston hududiga kirish va undan chiqib ketish huquqini beruvchi hujjat sifatida muomaladan chiqariladi.

O‘zbekiston tomoni esa kelishuvning 2-ilovasiga o‘zgartirishlar kiritishi ta’kidlangan. Unda tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga oid band xuddi shunday tarzda chiqarib tashlanadi, shuningdek, 1 dan 4 gacha bo‘lgan hujjatlarning nomlari yangi tahrirda keltirilgan.

Shavkat Mirziyoyev 27-aprel kuni Qirg‘iziston bilan chegarani ID-karta orqali kesib o‘tish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi.

2022-yilning dekabr oyida Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarani kesib o‘tishda pasport nazoratini osonlashtirishga kelishib olgani haqida xabar berilgandi.

Yanvar oyiga kelib, Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka tashrifi doirasida ikki mamlakat fuqarolarining sayohatini o‘zaro osonlashtirish bo‘yicha kelishib olindi.

Xususan, 2006-yildagi hukumatlararo bitimga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.