2022-yilning noyabr oyida “Turkiston bank” tomonidan 59 nafar omonatchidan kamida 57 mlrd so‘m “subordinar qarz” sifatida rasmiylashtirilgani xabar berilgandi.

Undan keyin regulyator “Turkiston Bank” omonatchilari murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonini nazoratga olganini, ularda qayd etilgan masalalar bo‘yicha tegishli o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

21-noyabrdan esa bank omonatchilari bo‘lgan jismoniy shaxslar omonatga joylashtirgan mablag‘lari yuzasidan agent-bank sifatida tanlangan “Qishloq qurilish bank"ka murojaat qilishlari mumkinligi xabar berildi.

Markaziy bankga 52 ta omonatchidan 53 mlrd so‘m “subordinar qarz” bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Bu haqda Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Spot” muxbiri.

“Sud qarori 18 ta fuqaroning 29 mlrd so‘mlik qarzdorligini omonat sifatida tasdiqlab bergan”, — deydi u.

Qonunchilikka asosan, tasdiqlangan kundan ikki oy o‘tib, “Turkiston bank"ni tugatish komissiyasi tomonidan omonatchilar o‘z pul mablag‘larini olishadi.

“Bu yerda hech qanday shubha bo‘lmasligi kerak. Mazkur davr tugagandan keyin, to‘lab berish chorasini ko‘ramiz”, — deydi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov.

Uning qayd etishicha, omonatchilar pullarini qaytarib olishlari bo‘yicha “hech qanday xavf-xatarga o‘rin yo‘q”.


2022-yilning oktabr oyida regulyator “Turkiston Bank” va “Hi-Tech Bank” litsenziyasini qaytarib oldi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov “Turkiston Bank"da aholining 368 mlrd atrofida, “Hi-Tech Bank"da esa taxminan 5 mlrd so‘m mablag‘lari mavjudligini ta’kidlagandi.

Biroq, ayrim “Turkiston” mijozlari tugatish komissiyasi bilan muloqot chog‘ida o‘z omonatlari Omonatlarni sug‘urtalash fondi kafolatiga ega emasligini aniqladi.

Dekabr oyiga kelib, bankni tugatish komissiyasi tomonidan bank kreditorlarining yig‘ilishi o‘tkazilishi va unda bankning oraliq tugatish balansini tasdiqlash hamda kelishuv bitimini o‘rganish masalalari ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.

Yanvar oyi boshida Sud “Turkiston Bank"ni bankrot deb topdi. Regulyator qaroriga ko‘ra, bankning tugatish komissiyasi o‘z faoliyatini yakunladi.

Mart oyida “Spot” bankning 59 nafar mijozi omonatlari subordinar qarz sifatida rasmiylashtirilgani sababli pullarini qaytarib ololmayotgani bo‘yicha maqolani taqdim etdi.

Unda ekspertlar bilan birgalikda bunday holatga tushib qolmaslik uchun nima qilish va bank tanlashda qaysi mezonlarga e’tibor qaratish kerakligi keltirilgan.