Avvalroq “Spot” Qozog‘istonning “Yevroosiyo banki” O‘zbekistonda sho‘ba korxonasini ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovning ma’lum qilishicha, Yevroosiyo banki O‘zbekistonda sho‘ba korxonasini ochish uchun dastlabki ruxsatni olgan. Bu haqda “Spot” muxbiri xabar berdi.

“Yevroosiyo banki” boshqaruvi raisi Lazzat Satiyeva bank O‘zbekiston Markaziy bankiga 2022-yil dekabr oyi oxirida sho‘ba korxonasini ochish uchun dastlabki ruxsatnoma olish uchun murojaat qilganini ma’lum qilgandi.

“Ha, Yevroosiyo bankidan shunday murojaat bo‘ldi, ijobiy xulosa berib, sho‘ba bank ochishga ruxsat berdik”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.

Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari Nodirbek Saydullayevning qoʻshimcha qilishicha, bank Oʻzbekistonda 180 kun ichida, yaʼni katta ehtimol bilan 2023-yil oxirigacha faoliyatini boshlaydi.

Yevroosiyo banki” 1994-yili tashkil etilgan bo‘lib, bosh ofisi Olmaotada joylashgan. Bank ustav kapitali 61,1 mlrd tengeni tashkil etadi.

2019-yilning iyul oyida Qozog‘istonning “Halyk Bank” sho‘ba korxonasi bo‘lgan “Tenge Bank” O‘zbekistonda mijozlarga xizmat ko‘rsatishni boshlagandi.


Avvalroq “Spot” Markaziy bank “Apex Bank” va “Hayot Bank"larga bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya bergani haqida yozgandi.