Kamola Nosirova 24 yoshda. 2022-yil Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi fakultetini tamomlagan.

Hozir Anqara Hoji Bayram Vali universitetining Turk tilini chet tili sifatida o‘qitish fakulteti 1-bosqich magistranti. U “Turkiya burslari” grant dasturini qo‘lga kiritgan.

Kamola “Spot” bilan suhbatda unga qanday erishgani, dastur qanday imkoniyatlar berishi, Turkiya hayoti hamda ta’lim tizimi haqida so‘zlab berdi.


Nima uchun Turkiya

Chetga chiqish aslida rejamda bo‘lgan. Turkiyaga borish esa orzum edi.

Bu davlatni tanlashimga bir nechta sabablar bor. Birinchidan, buni bakalavrdagi soham bilan bog‘layman. Chunki bakalavrni o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha o‘qiganim sabab, unga eng yaqin rivojlangan til turk tili deb bilardim.

Asosan, mazkur tilda o‘qitish sistemasini o‘rganish va uni o‘zbek tiliga joriy qilishni istaganman.

Hozir o‘zbek tilida tog‘ridan-tog‘ri ingliz tili yoki fransuz tili tizimini ola olmaymiz. Sababi ular boshqa til guruhiga kiradi. Lekin turk va o‘zbek tillarining ildizi bir. Shuning uchun Turkiya tizimini o‘rganish qiziqtirgan.

Ikkinchidan, o‘zimni begonaday his qilmaslik uchun dinimiz va fikrlashi biri-biriga yaqin bo‘lgan davlat sifatida ko‘rardim.

Uchinchi sabab esa, grant yutmasimdan oldin Turkiyada bo‘lganman. Bunga 2021-yili “Yevroosiyo yoshlar maktabi"dagi ishtirokim sabab bo‘lgan.

Dastur onlayn olib borilib, unda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston yoshlari bilan 3 oy darslarda ishtirok etganmiz.

Keyingi bosqichda saralab olingan ishtirokchilar Turkiya va o‘z mamkalatining o‘zaro munosabatlari haqida maqola yozishi kerak bo‘lgan.

Va yakunda 13 ta muvaffaqiyatli ishtirokchi qatorida men ham Anqara va Istanbulga borganman. O‘shandayoq u yerdagi muhitni ko‘rib, Turkiyaga o‘qishga topshirishga qaror qilganman.

O‘zim dengizga oshiq bo‘lsamda, Anqarada dengiz yo‘q, biroq, baribir u meni o‘ziga tortgan. Sababi — haqiqiy o‘qituvchilar va talabalar shahri. Eng ko‘p professorlar ham shu yerda.

Shuningdek, xavfsizlik tarafidan ham shaharni yaxshi ko‘raman. Lekin Istanbul sayohat uchun yaxshi joy. U yerda siz har xil odamlarni ko‘rishingiz mumkin.

“Turkiya burslari"ga hujjat topshirish jarayoni

Turkiya burslari“ga hujjat topshirish jarayoni ikki bosqichdan iborat. Birinchisi onlayn hujjat topshirish — bu qiyinroq bosqich hisoblanadi. Chunki unda har qanday hujjat talab qilinadi.

Masalan, nomzodning oilaviy holati, turli yutuqlari, maktab shahodatnomasi, kollej yoki litsey diplomi, magistrlar uchun bakalavr diplomi va ilovalarini maxsus platformaga joylashtirish kerak.

Grantga qabul har yili yanvar-fevral (10-yanvardan 24-fevralgacha) oralig‘ida bo‘ladi. Yutuqlarni joylashtirishda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan hujjatlar, ahamiyatli yutuqlar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi.

Shuningdek, nomzod haqida ikkita tavsiyanoma ham talab qilinadi. Bu ham muhim hisoblanadi. Ularni esa sizni yaxshi biladigan o‘qituvchingiz, professorlardan olishingiz zarur.

Undan keyin motivatsion xat yoziladi. Buni turklar “niyat maktubi” deyishadi. Uni barcha darajadagi nomzodlar yozishi kerak.

kamola nosirova, turkiya, turkiye burslari, xorijda ta'lim

Foto: Kamola Nosirovaning shaxsiy arxividan

Bunda Turkiyada nima uchun o‘qimoqchiligingizni, qanday rejalaringiz borligini izohlab berishingiz kerak. Shuningdek, uni bo‘rttirib yozish yoki ko‘chirishga bo‘lmaydi. Chunki har bir hujjat sinchkovlik bilan tekshiriladi.

Magistratura va PhD darajasiga hujjat topshirayotganlar qaysi sohada tadqiqot qilmoqchiligi, buning o‘z davlati va Turkiya uchun foydasi, nimalarni kutayotgani haqidagi qisqacha bayonini yozishi kerak.

Dasturga onlayn hujjat topshirayotganda 12 tagacha universitet tanlashingiz mumkin. Yo‘nalish tanlashda bakalavrlarda imkoniyat kengroq, lekin magistratura va PhD nomzodlarining yo‘nalishi oldingi darajasiga to‘g‘ri kelishi kerak.

Men yirik shaharlardan Istanbul, Anqara va Izmirni tanlaganman. Chunki meni soham bo‘yicha ko‘p universitetlarda yo‘nalish mavjud emasdi, ya’ni kichik shaharlarda yo‘q edi.

Birinchi va ikkinchi tanlagan universitetlarim Anqarada edi va men birinchisiga ya’ni Hoji Bayram Vali universitetiga qabul qilinganman.

Ba’zilar 3−4 ta universitetga ham qabul qilinadi. “Turkiya burslari” esa talabalarni o‘zi ma’qul deb bilgan universitetlariga joylashtiradi.

Dasturning birinchi bosqichi ya’ni hujjatlarni saralash bo‘yicha javoblar may-iyun oylarida chiqadi. Ya’ni bunda suhbatga qabul qilinganlarga xabar jo‘natiladi.

Suhbat esa asosan turkiyalik vakillar bilan yuzma-yuz o‘tkaziladi va uzog‘i 10 daqiqa davom etadi. Unda nomzodning psixologik holati, yani, motivatsiya xatini rostan ham o‘zi yozganmi, yo‘qmi va maqsadi qanchalar jiddiy ekanligi tekshiriladi.

Agar grant qo‘lga kiritsa Turkiyaga borganidan va ta’limni tamomlab yurtiga qaytganidan keyin nimalar qilishi haqida so‘raladi.

Grant natijalari va “qora ro‘yxat”

Avgust oyiga borib, suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan va grant qo‘lga kiritganlarga javob keladi. Asosan 90,9% suhbatga kirgan talabalar grantga sazovor bo‘lishadi.

Keyin esa avgust-sentabrda Turkiyaga ketish uchun hujjat tayyorlash ishlari davom etadi va oktabrga borib, qabul qilingan talabalar universitetda o‘qishni boshlashadi.

Lekin, agar kimdir grant yutib unga rad javobini bersa, keyingi safar mazkur grant loyihasida qabul qilinmaydi, chunki bu nomzod dasturning “qora ro‘yxat"iga kirib qoladi.

Shuningdek, “Turkiya burslari” doim sizni nazorat qiladi, ya’ni o‘qishingizdan, yotoqxonadan hisobat olishadi.

Agarda kimnidir ustidan shikoyat tushaversa, o‘sha talaba o‘z davlatiga qaytib ketadi va ajratilgan grantning hammasini qaytarib beradi.

Dastur talabalarga nima beradi

“Turkiya burslari” granti dunyoning TOP-20 ta granti qatoriga kiradi. Dastur ko‘p davlatlarga grant ajratadi, asosan, Eron, Suriya va O‘rta Osiyo mamlakatlariga yordam beradi.

Bakalavr darajasi uchun 1700 lira ($90 atrofida), magistratura darajasi uchun esa 2400 lira ($125 atrofida) oylik stipendiya ajratadi.

kamola nosirova, turkiya, turkiye burslari, xorijda ta'lim

Foto: Kamola Nosirovaning shaxsiy arxividan

Bundan tashqari, grant o‘z ichiga juda ko‘p xarajatlarni ham oladi. Masalan, viza, sug‘urta, borish va qaytish uchun bir martalik aviachipta xarajatlarini qoplab, o‘qish davomiyligiga qarab bepul yotoqxona bilan ta’minlaydi.

Yotoxonada ertalabki nonushta va kechki ovqat beriladi. Bu bilan talaba yashash xarajatlariga ko‘p mablag‘ sarflamaydi.

Ta’lim tili turk tilida bo‘lgan yo‘nalishlarga qabul qilinganlar uchun bir yillik til kursi bor. Unda tahsil oladiganlar ham yuqoridagi barcha imkoniyatga ega bo‘lishadi.

Talabalarni qo‘llab-quvvatlash. Grant yutgan talabalar uchun alohida loyihalar, dasturlar o‘tkazib turiladi.

Xususan, “muvaffaqiyat stipendiyasi” ham mavjud. Unda o‘quv yilida o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 3,66 balldan yuqori bo‘lgan talabalarga stipendiyasining bir baravari miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

Masalan, bakalavr talabalari oyiga 1700 lira olsa, yana shuncha qo‘shilib, har oy jami 3400 lira ($180 atrofida) olishadi.

Magistratura talabalari ham yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lishsa, 2400 lira oylik stipendiyalari 4800 lira ($250 atrofida) miqdorida oshiriladi.

Umuman, yaxshi o‘qiganingiz, yaxshi ko‘rsatkichga erishganingiz uchun, chet ellik talaba bo‘lishingizga qaramay sizga shunday imkoniyatlar beriladi. Biroq, ba’zan qo‘shimcha stipendiyani olish ham qiyinroq.

Turk tilini o‘rganuvchilarni hurmat qilishadi

Qiziqarli voqealar asosan darsda bo‘ladi. Sababi chet ellik bo‘lganingiz uchun gapirishda xatolarga yo‘l qo‘yasiz. Bu lekin hammada uchrab turadigan tabiiy hol.

Ustozimiz darslarda fikrimni so‘raganida bir-ikki jumla bilan yakunlab qo‘yardim. Sababi xato gapirib kulguga qolishdan qo‘rqardim.

Bir kuni ustoz fikrimni so‘raganida hayajonlanganimdan xato gapirib qo‘yganman, lekin ular fikrimni bo‘lishmagan. Keyin “Kamola aslida nima demoqchi eding” deb xatoyimni tog‘rilashga harakat qilishgandi.

Moslashish davrim oylab davom etgan. Turklar meni boshqa davlatdan kelib, ularni tilini o‘rganayotganim uchun qo‘llab-quvvatlardi.

Guruhimizda mendan tashqari yana 3 ta xorijlik bor, ular Suriya, Sudan va Kavkaz davlatidan kelishgan.

kamola nosirova, turkiya, turkiye burslari, xorijda ta'lim

Foto: Kamola Nosirovaning shaxsiy arxividan

Ustozimiz qolgan 18 ta turkiyalikga “Sizlar Amerikaga borib o‘qisangiz o‘zingizni qanday his qilasiz? Bular oilasidan uzoqda, shu yerga kelib o‘qiyapti. Shuning uchun ularga yordam bering, yerga urmang derdi”.

Ular esa tilini o‘rganganimiz uchun juda yaxshi ko‘rardi. Ikkinchi semestrdan keyin turk tilida gapirishga biroz o‘rgandim. Kursdoshlarim bilan yaqinlashdim.

Darsimiz ikki soat bo‘lardi. Lekin fevral oyida mamlakatda kuzatilgan zilziladan keyin onlayn formatga o‘tganimizda biri-birimiz bilan yanada yaqinlashdik.

Turklar stressga jiddiy qarashadi. Agarda o‘qituvchi stressda bo‘lsa dars o‘tmaydi. Masalan, zilzilada hamma stressga tushib qoldi. O‘sha vaqtda dars qoldirildi. Bunday vaziyatda dars o‘tib bo‘lmaydi,deb o‘tishmadi.

Talaba dars qilib kelmagan bo‘lsa va stressda edim, desa undan hol-ahvol so‘raydi. Bu yerda talabaning ruhiy holatiga e’tibor berishadi. Turkiyada normol odam ham psixologga boradi.

Kun tartibi. Turkiyada ko‘pincha ishlarimni kechki vaqt bajarganim bois, ertalablari kechroq uyg‘onardim.

Nonushta ertalab soat 10:00 gacha bo‘lardi. Dars bo‘ladigan kunlari asosan faqat darslarimni bajarardim.

Magistraturada o‘qish juda qiyin deb aytolmayman. Sababi magistrlarga katta izlanish olib borayotgan shaxs sifatida qaraladi.

Lekin bakalavrda biroz qiyinroq. Masalan, imtihonlardan yiqitishi mumkin.

Sahovatpesha va mehmondo‘st turklar

Turklar juda mehmondo‘st xalq. Ular yetti yot begonani ham uylariga mehmonga taklif qilishadi. Ayniqsa chet elliklarni hurmat qilishadi.

Bir safar yotoqxonamiz rahbari hamma xorijliklarni uyiga chaqirib, “Anchadan beri yotoqxonada turibsizlar, uy muhitini ko‘ringlar”, deb mehmon qilgandi. Ular ham kattalarni hurmat qilishni avvaldan bolalarga o‘rgatishadi.

Yana bir meni e’tiborimni tortgan holat, turklar gazli ichimliklarni ko‘p ichishmaydi. Aksincha, ayron, qahva va choyni xush ko‘rishadi.

Shuningdek, ularda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish juda kuchli. Ayniqsa bolalar uchun turli kitoblar chop etiladi. Umuman, mamlakatda kitob nashr qilish yaxshi rivojlangan.

Biz darsdan charchasak kitob o‘qimaymiz. Ular esa darsdan charchagan vaqtlari turli roman, hikoyalar o‘qishni yaxshi ko‘rishadi.

Bu yerda odamlar ko‘p savob ishlarga qo‘l uradi. Masalan, har kuni ertalab universitet bog‘ida talabalarga bepul sho‘rva tarqatiladi, yonida ayron va noni ham bo‘ladi. Talabalar navbatma-navbat bepul ovqatlarni olishadi.

kamola nosirova, turkiya, turkiye burslari, xorijda ta'lim

Foto: Kamola Nosirovaning shaxsiy arxividan

Turkiyada hayron qoldirgan holatlar. Bu yerda meni dars jarayonlari va o‘qituvchi bilan talaba o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar hayron qoldirgan.

Ular tanqidiy fikrlashni to‘g‘ri qabul qiladi. Ya’ni talabaning fikr bildirishi erkin va bunga yaxshi nazar bilan qarashadi.

Shuningdek, turkiyaliklarning hayvonlarga bo‘lgan mehri ham boshqacha, ularni ojiz deb o‘ylashadi.

Ko‘chalarda jonivorlarning uychalarini ko‘p uchratish mumkin. Do‘konlarda ham hayvonlar bemolol yuradi. Mushuklar kafelarda hattoki choy ichadigan stollarda ham uxlashadi.

Hech kim uni bezovta qilmaydi. Ko‘chada och yurgan hayvonlarni uchratmaysiz.

Bundan tashqari, turklar hurmat ma’nosida ot go‘shtini yeyishmaydi. Ular O‘zbekistonda ot go‘shtini yeyishimizga hayron qolishgan.

Dars jarayonlari

Grant yutganimda menda turk tili bo‘yicha C1 sertifikatim bo‘lgani uchun til kursida o‘qimasdan darslarga qo‘shilganman.

Darslar haftasiga uch kun, 2 soatdan, asosan mutaxassislik bo‘yicha o‘tiladi. 3 ta tanlov va 1 ta majburiy dars qo‘yiladi. Bir semestrda 4 ta fan o‘tilib, 1 yilda jami 8 ta fan o‘qitiladi.

Turkiyada o‘qishning yaxshi tomonlari ko‘p. Men ilmiy izlanish olib borayotgan baholash sohasi hali O‘zbekistonda rivojlanmagan. Testoliklar ya’ni testologiya sohasidagilar juda kam.

Bu yerda baholash bo‘limi va baholash fakulteti mavjud. Shu sabab professorlar bilan gaplashish, maslahatlashish, sohada izlanish olib borish osonroq.

Kitoblar masalasiga kelsak, kitob do‘konlaridan har qanday kitobni topish mumkin.

Qolaversa, bu yerda chet elliklar bilan muloqot ham yaxshi ta’sir qiladi. Magistraturada talaba izlanish olib borayotgani uchun siquv qilinmaydi. “Magistrlar deyarli bizni kasbdoshimizsiz”, deyishadi.

Bakalavr talabalari imtihonda ruchkadan foydalanishlari mumkin emas, ular qalamdan foydalanib, o‘z fikrlarini bayon qilishadi.

Turkiyada bilimni qo‘llashni o‘rgatadi, bizda esa yodlab o‘rganganmiz. Karyerani esa o‘qishdan alohida ajratishadi. Ya’ni hamma narsani bir-biri bilan aralash olib bormaydi.

Ular kelajagi uchun poydevor qurib, bitta shaxs sifatida rivojlanganidan keyingina oila qurishadi. Farzand tarbiyasi uchun esa o‘qish kerak deb hisoblaydi.

Bu yerga O‘zbekistondan kelib o‘qiyotgan talabalar ko‘p. Masalan, huquq, dizayn, jurnalistika sohasiga qiziquvchilar bor.

Turkiyada ishlash

Grant yutgan talabalar mamlakatda ishlashlari mumkin. Onlayn ishlarda ham ishlasa bo‘ladi.

Kursdoshlarimning hammasi til markazida faoliyat yuritishadi. Faqat yarim stavkada ishlash mumkin.

Agarda ishlab topgan pulingiz sizning stipendiya tushadigan plastikingizga tushsa, ular bundan shubhalanishadi va stipendiya miqdorini qisqartirishi mumkin.