2018-yilda Toshkent-Boku yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi. Oradan bir yil o‘tib o‘zbekistonliklar Gruziyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu yil yozda Tbilisiga haftalik reyslar soni to‘rttagacha oshirilishi rejalashtirilgan.
Arzon reyslarning mavjudligi va viza talabining yo‘qligi yildan-yilga sayyohlar oqimini va turistik dasturlar sonini oshirmoqda.
2023-yil mart oyida “Truckstaff Investment” menejeri Vazira Mamadiyeva birdaniga ikki davlatga — Gruziya va Ozarbayjonga sayohat qildi.
U “Spot"ga qanday qilib jami $1100 sarflagan holda ikkala mamlakatda bo‘lgani haqida so‘zlab berdi.
Vazira Mamadiyeva,
“Truckstaff Investment” menejeri.
Mening birinchi chet elga safarim bir necha yil oldin bo‘lgan. Keyin bir oyga Malayziyaga o‘qishga bordim — yoqimli bilan foydalini muvaffaqiyatli tarzda mujassamlashtirdim.
Xuddi shu sayohatda men imkon qadar ko‘proq mamlakatlarni ko‘rishni xohlashimni angladim.
Shuning uchun keyingi safar do‘stim bilan BAAga, birozdan keyin esa oilam bilan Turkiyaga uchdim.
Ikkala sayohat ham sayyohlik agentliklari tomonidan uyushtirilgan, biz aviachiptalarni sotib olish va xonalarni band qilish uchun juda ko‘p pul to‘laganmiz, aslida biz buni o‘zimiz qilishimiz ham mumkin edi.
Qolaversa, Turkiyaga “Muhtasham yuz yil” dasturi doirasida uchgandik. Hamma narsa daqiqasigacha rejalashtirilgan edi — qaror va tanlov erkinligi bo‘lmagan. O‘shanda men bunday sayohat formati menga yoqmasligini angladim.
Shu yilning mart oyida sayohatni o‘zim rejalashtirishga, Gruziya va Ozarbayjonga borishga qaror qildim. Bu mamlakatlarga tashrif buyurish azaldan orzuyim edi.
Bir dugonam meni Tbilisiga taklif qildi va Bokuga esa talabalik davridagi eski orzuni ro‘yobga chiqarish uchun birga uchishga qaror qildik.
Bir qarorga kelish qiyin bo‘lmadi: uning yurtiga uchib boraman, gruzin madaniyati bilan tanishaman, keyin esa birga Bokuga uchamiz.
Ammo parvozdan oldin dugonam kasal bo‘lib qoldi va men yolg‘iz uchishga majbur bo‘ldim.
Gruziyaga sayohat
Ko‘pchilik, Tbilisiga “oltin mavsum” boshlanganda, ya’ni sentabr oyida uchish kerakligini ta’kidlaydi. Negaki bu paytda harorat va dengiz iliq, meva ko‘p bo‘ladi.
Men esa mart oyida bordim, chunki may oyida Gruziyada yomg‘ir ko‘p yog‘adi, iyul va avgust oylarida juda issiq bo‘ladi va aprel oyiga boshqa rejalarim bor edi.
O‘ylaymanki, agar inson nimanidir reja qilgan bo‘lsa, unda buni amalga oshirishni “yaxshiroq vaqtlar"ga qoldirmasdan — chipta olib, ijaraga turar joy band qilish va sayohatga otlanish kerak.
Toshkentdan Tbilisigacha samolyotda atigi uch soat uchiladi. Parvozlar “Airline Geo Sky” va “Uzbekistan Airways” tomonidan amalga oshiriladi.
Sayohatga bir oy qolganda men aviakompaniyamiz saytidan Toshkent-Tbilisi va Boku-Toshkent, Tbilisidan Bokuga esa “Aviasales” orqali chipta sotib oldim.
Gruziyadan Ozarbayjonga parvoz narxi meni hayratda qoldirdi. Hammasi bo‘lib 1,5 mln so‘m to‘ladim, agar bagajim bo‘lmaganida chipta 500 ming so‘mga arzonroq bo‘lardi.
Aeroportdan chiqishda odatdagidek ikki baravar qimmat qimmat narx aytadigan “kirakash"larga duch keldim. Ular bilan sayr qilish yaxshi fikr emasdek tuyuldi, shuning uchun men “Visa” kartamni “Yandex.Taxi"ga uladim va aeroportdan do‘stlarimning uyiga $12 evaziga yetib oldim.
Yetib olish taxminan 40 daqiqa vaqt oldi, aslida esa bundan ham uzoqroqdek edi. Ko‘zlagan manzilimga hech qachon yetib bora olmaydigandek tuyulardi, chunki hech qayerda bunday tirbandlikni ko‘rmagandim.
Rejalashtirilganidek, Tbilisida men bir dugonamnikida qoldim. Bu turar joy uchun pulni tejashga yordam berdi.
“Booking.com"dagi mehmonxonalar aslida unchalik qimmat ham emas — bir hafta qolish uchun o‘rtacha $200−300 berishimga to‘g‘ri kelardi. Lekin bu yerda hammasi hamyoningizga bog‘liq.
Maslahat №1. Ba’zan turar joyni band (bron) qilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga olish yaxshiroqdir, bu arzonroq tushadi — bunda uy egasi komissiya to‘lashi shart bo‘lmaydi. Kvartira yoki mehmonxona topib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri e’lon bilan bog‘lanishingiz yoki agar mavjud bo‘lsa, mehmonxona saytida xona band qilishingiz mumkin. Ammo bu holatda, xizmat sizga xonani band qilishni kafolatlashi mumkin, ammo uy egasi bunga kafolat bermaydi.
Marshrut
Marshrutni oldindan rejalashtirdim, iloji boricha ko‘proq go‘zal joylarni qamrab olishga harakat qildim.
Kelgan kunim birinchi navbatda ayirboshlash shoxobchasini, keyin esa esdalik sovg‘alari va shirinliklarni izlashga bordim, chunki buning uchun boshqa vaqt bo‘lmasligini tushundim.
Har xil magnitlar va churchxela sotib olganimdan so‘ng, eski shahar bo‘ylab sayr qildim: Tinchlik ko‘prigi, eski cherkov va kichik sharshara yonidan Kura daryosi bo‘ylab qayiqda o‘tdim.
Keyin Pushkin tashrif buyurgan mashhur serali vannalarni va rassom Nika Pirosmanining asarlarini ko‘rishni xohlaganim uchun Tbilisi milliy galereyasini topdim. O‘sha oqshom nihoyat haqiqiy gruzin xinkalisi va xachapurisini tatib ko‘rish imkoniyatidan foydalandim.
Shu bois, eski ko‘chalar bo‘ylab yurib, birinchi bo‘lib e’tiborimni tortgan “Xachapuri House” nomli milliy taomlar kafesiga kirib ketdim (kuladi).
Umuman olganda, Tbilisidagi birinchi kun shunday o‘tdi.
Shaharlardan tashqarida
Tbilisi qalbimni zabt etdi: shahar san’at va ijod muhitiga shu qadar o‘ralganki, siz beixtiyor har bir uyda, devorlar oldida to‘xtab qolasiz.
Gruzinlar mamlakatda yoki dunyoda sodir bo‘layotgan hodisalarga o‘zlarining baholarini, ijodkorlik, xususan, graffiti yordamida berishadi yoki shu tarzda noroziliklarini izhor qilishadi.
Ammo asosiy diqqatga sazovor joylar — dengiz, tog‘lar, o‘rmonlar turistik shaharlardan tashqarida joylashgan.
Shuning uchun, O‘zbekistonda paytimdayoq agentlik va gid topdim, ulardan Kazbegida sayohat qilish uchun joy sotib oldim. Men u yerga ikkinchi kuni bordim.
Ochig‘ini aytsam, meni “kiydirishadi” degan shubham bor edi va pul kuyib ketadi deb o‘ylayotgandim, lekin urinib ko‘rish kerak edi.
Belgilangan joyda ertalab soat 7 da uchrashdik. Bizda 8 kishilik qulay mikroavtobus va kun bo‘yi cheksiz hazillar aytib beradigan “Livan amaki” ismli gid bor edi.
Yo‘l davomida biz go‘zal Gruziya harbiy yo‘li bo‘ylab yurdik, qadimiy Ananuri qal’asiga tashrif buyurdik, firuza rangdagi Jinvali suv omborini va Sovet do‘stligi arkasini ko‘rdik.
Ushbu sayohatdan asosiy maqsad tog‘lar giganti Kazbek cho‘qqisi va Gargeti cherkovini ko‘rish edi. Natijada, unga borish unchalik oson emasligi va sayohat oxirida yo‘ltanlamas mashinalarga o‘tirish kerakligi ma’lum bo‘ldi. Ular uchun alohida to‘lov qilish kerak edi.
Aytgancha, bizga havo +12 daraja bo‘lishini va’da qilishgandi, lekin o‘sha kuni qor yog‘a boshladi va harorat +3 ni tashkil etdi.
Tushlik qilish uchun bizni qiziqarli joyga olib borishdi, u yerda asosiy gruzin taomlarini tatib ko‘rdik. Tushlikka ham tur narxidan tashqari to‘lov qilindi.
Uchinchi va to‘rtinchi kunlarni Kaxeti viloyatida va Kutaisida o‘tkazishga qaror qildim. Men bu shaharlarga sayohat qilish uchun chiptani oldindan sotib olmagandim.
Aytgancha, Tbilisida har qadamda turlarga chorlaydigan “savdogarlar” bor. Ularga ishonmasdim, shuning uchun menga eng yaqin bo‘lgan, ishonarli ko‘ringan agentlikka bordim.
Meni hayratda qoldirgan ikkinchi narsa shu bo‘ldiki, agentliklarda siz turning narxi borasida savdolashishingiz mumkin ekan. Pulni tejash uchun bunday imkoniyatni qo‘ldan boy bermadim (kuladi).
Natijada Kaxetiga sayohat uchun 80 lari o‘rniga 50 lari to‘ladim.
Uchinchi kun ajoyib o‘tdi. Avvaliga 28 kishilik katta avtobusda sayohatga chiqdik.
Bir tomondan, dunyoning turli burchaklaridan kelgan odamlar bilan muloqot qilish qiziqarli bo‘ldi. Boshqa tomondan, avtobus shovqinli, nafasni qisadigan va unchalik qulay emasdi.
Shuning uchun kichik guruh bilan sayohat qilish ancha qulay ekanligini angladim.
Yo‘l davomida o‘zimni cheksiz baxtiyor his qilardim: o‘sha kuni atrofimda faqat tog‘lar va uzoq mamlakatlardan kelgan do‘stona odamlar bor edi.
Kaxeti — boy qadimiy tarixga ega va vinochilikning vatani hisoblanadi. Bu yerda Gruziyadan eksport qilinadigan vinoning 80%ini ishlab chiqarishadi.
Birinchi to‘xtash joyi an’anaviy gruzin nonini tayyorlash bo‘yicha mahurat darsi bo‘ldi. Shuningdek, echki sutidan tayyorlangan pishloqni tatib ko‘rdik.
Bodbe monastiriga tashrif buyurganimizdan so‘ng, tunu-kun o‘zining to‘y-nikoh saroyi bilan mashhur bo‘lgan Signahi shahriga bordik.
U yerda gruzin kafesida tushlik qildik, keyin mahalliy vino ishlab chiqarish joyiga bordik.
Tbilisiga kechki sakkizda yetib keldik.
Afsuski, Kutaisigacha yetib borishning iloji bo‘lmadi. Bunday uzoq yo‘lga chiqish uchun guruh yig‘ilmadi. Ammo Gruziyaga borishni rejalashtirgan har bir kishiga Martvili kanyoniga va Prometey g‘origa tashrif buyurishni maslahat beraman.
Shuning uchun, do‘stim va men oxirgi kunni piyoda sayr qilish, qo‘g‘irchoq teatriga borish va shopping qilish bilan o‘tkazdik.
Maslahat № 2. Internet orqali barcha muzeylar, teatrlar va galereyalar ishlayotgan-ishlamayotganini tekshiring. Har bir mamlakatning o‘ziga xos dam olish kunlari bor.
Aytgancha, o‘sha kuni Gruziyadan Armanistonga bir kunga borib kelish mumkinligini bildim, lekin juda kech edi, meni Ozarbayjonga parvoz kutayotgandi.
Gruziya haqida yana nimalarni bilish kerak?
Til to‘sig‘i. Katta avlod rus tilini, yoshlar esa ingliz tilini yaxshi bilishadi.
Aytgancha, barcha belgilar, do‘kon nomlari, avtobus yo‘nalishlari va ma’lumot belgilari gruzin alifbosida yozilgan, bu esa kirill yoki lotin alifbosiga o‘xshamaydi.
Gruziyada transport. Jamoat transporti bu yerda qulay: avtobuslar, “gazel"lar doimiy ishlaydi, taksi bilan bog‘liq muammolar yo‘q, juda hamyonbop.
Siz gruzin taksi haydovchilari bilan savdolashishingiz mumkin (bu hatto zarur). O‘zbekistonliklarda savdolashish borasida hech qanday muammo bo‘lmasa kerak (kuladi).
Moliya:
- Toshkent-Tbilisi: 2,6 mln so‘m.
- Tbilisi-Boku: 1,5 mln so‘m.
- Boku-Toshkent: 2,4 mln so‘m.
- Taksi (jami): $40.
- Ovqatlanish (jami): $120.
- Suvenirlar sotib olish: $30.
- Qayiqda sayohat: $12.
- Milliy galereyaga kirish: $10.
- Kazbegiga sayohat: $40.
- Gargetiga yo‘ltanlamas mashinada sayohat: $10.
- Kaxetiga sayohat: $20.
- Qo‘g‘irchoq teatri: $18.
- Serali vannalarga kirish: bepul.
Shunday qilib, Gruziyada 4 kun yashash davomida jami $300 sarfladim.
Ozarbayjonga sayohat
Menimcha, hech qachon bunday samimiy odamlarni uchratmaganman.
Masalan, yetib kelganimda taksi borasida muammolarga duch keldim: Bokuda “Yandex” ishlamaydi, shuning uchun mahalliy operatorning “Bolt” ilovasini oldindan yuklab oldim.
Haydovchi rus tilini bilmas, men esa haydovchiga qayerda ekanligimni tushuntira oladigan va shu bilan birga meni tushunadigan birinchi odamdan yordam so‘rashim kerak edi.
Natijada taksi haydovchisi mashinasi buzilib qolgani, safarni yakunlagani haqida ma‘lum qilib, kartamdan pul yechib olgan holda “radardan g‘oyib bo‘ldi”.
Shu vaqt davomida men yordam so‘rab murojaat qilgan yigit ish joyini qoldirib, mashinaga o‘tirib olmagunimcha yonimda turdi.
Dugonam bilan “Booking.com” saytida “Solo Inn Hotel"dan joy band qilgan edik. Piyoda yurish davomida bu yerdan Qiz qal’asi, Tezepir masjidi, Ozarbayjon milliy san’at muzeyiga oson borish mumkin.
Uch kunlik turar joy bizga $75 ga tushdi. Ertalab soat 10 da kelganimda darhol ro‘yxatdan o‘tishga muvaffaq bo‘ldim.
Ro‘yxatdan o‘tganimdan so‘ng, tushlik qilishga qaror qildim va yana eng yaqin ayirboshlash shoxobchasini qidirdim. Menga bunda mehmonxona xizmatchisi yordam berdi.
Odamlarning o‘z vaqtlarini begonalarga sarflashga, yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklaridan juda hayratlandim.
SIM-karta va internet-paket sotib olish 15 manat ($9) uchun sarfladim. Taksi o‘rtacha 2−4 manat ($1−2,3), ovqatlanish uchun 20−35 manat ($12−21) ketdi.
Menga hammasidan ko‘ra sabzi o‘rniga kurkuma qo‘shiladigan, go‘shti alohida kashtan va piyoz qo‘shib pishiriladigan ozayrbayjon palovi yoqdi. Palovning o‘zi esa kesilgan lavash nonga solingan holda dasturxonga tortiladi.
Shuningdek, dovja (qatiq va ko‘katlardan tayyorlangan), dushbare (mayda chuchvara), dolma, sabzavotli saj va Boku holvasini tatib ko‘rishingizni maslahat beraman.
Maslahat №3. Ortiqcha pul to‘lamaslik uchun shahar markazida emas, eski shaharning muassasalarida ovqatlangan ma’qul.
Bokudagi birinchi kunimda eski shaharga bordim. “Brilliant qo‘l” filmi suratga olingan joyda bo‘ldim va “Qiz minorasi"ga bordim. Va uning kuzatuv maydonchasiga ko‘tarilib, men butun shaharni ko‘rdim.
Shundan so‘ng Kaspiy dengizi qirg‘og‘iga bordim va shu yerda kechgacha dam oldim. Kechki ovqatni eski shahardagi “Boku yuragi” nomli restoranda qildim.
Ikkinchi kuni yana eski shaharga, Shirvonshohlar saroyini ziyorat qilish uchun bordim. Yo‘lda esa Zulfiyaxonim Salohovaning miniatyurali kitoblari muzeyiga duch keldim. U ko‘plab mashhur kitoblarning kichik nusxalarini yaratadi.
Keyin Geydar Aliyev markaziga bordim. Birinchi ikki qavat uning hayotiga bag‘ishlangan. 1-qavatda esa retro avtomobillar ko‘rgazmasi joylashgan.
Oxirgi kuni “Shahidlar maydoni"ga tashrif buyurdim, qirg‘oq bo‘ylab sayr qildim va jo‘nash oldidan shopping qildim, chunki kechqurun meni parvoz kutayotgandi.
Mahalliy bozordan atirgul barglari murabbosi, Ozar choyi, Boku paxlavasi va ziravorlar oldim.
Aytgancha, bu yerda til bilan bog‘liq muammolar bo‘lmadi. Ko‘pchilik rus tilini biladi va yaxshi gapiradi. Shahar unchalik katta emas, shuning uchun deyarli barcha joylarga piyoda borish mumkin.
Moliya:
- Mehmonxonada yashash: $72.
- SIM-karta sotib olish: $9.
- Geydar Aliyev muzeyiga kirish: $9.
- Retro avtomobillar ko‘rgazmasiga kirish: $6.
- “Qiz minorasi"ga kirish: $9.
- Shirvonshohlar saroyiga kirish: $5.
- Taksi (jami): $25.
- Ovqatlanish (jami): $50
- Suvenirlar sotib olish: $15
Bokuda jami $200 sarfladim.