Markaziy bank 1-may holatiga O‘zbekistonning xalqaro zaxiralariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

O‘tgan bir oy mobaynida mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari $35,2 mlrdni tashkil etdi. Natijada ko‘rsatkich mart oyiga nisbatan $230 mln.ga qisqardi.

Martda mamlakat yalpi xalqaro zaxiralari $1,4 mlrd.ga oshgandi va zaxiralar 2022-yilning dekabriga nisbatan ko‘rsatkichini deyarli tiklagandi.

Aprel oyi davomida oltinning fizik hajmi 12,3 mln troyadan 12,2 mln troyaga kamaydi. Shuningdek, qiymati bir oyda $50 mln.ga kamayib, jami $24 204 mln.ni tashkil etgan.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valyuta zaxiralari mart oyiga nisbatan $181 mln.ga kamayib, $9,9 mlrdni tashkil etdi.

Fevral oyida O‘zbekiston Markaziy banki oltinning asosiy xaridorlaridan biriga aylandi. Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, bu davrda mamlakat 8 tonna oltin xaridi bilan regulyatorlar orasida uchinchi o‘rinni egallagan.

Shuningdek, OTB tahlillariga ko‘ra, oltin zaxiralarining ko‘payishi hisobiga 2023 va 2024-yillarda yalpi valyuta zaxiralari $37 mlrdgacha oshishi mumkin.

Avvalroq O‘zbekiston oltin qazib olish hajmini 1,4 barobar — 150 tonnagacha oshirishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilingandi.