“Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida"gi qonun bekor qilinadi.
Bu bo‘yicha, “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.
Bundan tashqari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari korpusini shakllantirishning majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimi joriy etiladi.
2024-yuildan ma’muriy sudlarga shikoyat qilishda fuqaro va tadbirkorlardan davlat bojini undirmaslik, bunda davlat bojini ishni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha aybdor tarafdan undirish tartibi joriy etiladi.
Joriy yilning 1-avgustidan soliq to‘lovchilar tomonidan yoshidan qat’i nazar farzandlarining O‘zbekiston ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishlari uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritiladi.
Bu tartib ta’limning barcha bosqichlari — maktabgacha, maktab va oliy ta’lim tizimiga joriy etiladi.
1-iyundan quyidagilar bekor qilinadi:
- to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi;
- chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining faoliyat ko‘rsatish vaqtiga nisbatan cheklovlar bekor qilinadi.
Avvalroq Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov P2P o‘tkazmalariga belgilangan yangi tartib haqida fikrini bildirgandi.
“Biz bu haqda matbuot orqali xabar bermaganimiz o‘z fikrimizni bildirmaganimizni anglatmaydi. Farmon chiqqanidan so‘ng biz o‘z salbiy munosabatimizni Soliq qo‘mitasi, Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga yetkazdik”, degandi regulyator rahbari.