“Ma'muriy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, hukumat huzuridagi Milliy antidoping agentligi O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi etib qayta tashkil qilindi va uning vazifasi quyidagicha etib belgilanmoqda:

  • respublika ijro etuvchi hokimiyat organi maqomiga ega bo‘lib, o‘z faoliyatida prezident hamda hukumatga hisobdor hisoblanadi;
  • Butunjahon antidoping agentligining talablari va qoidalari bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib boradi va joriy etadi.

Qaror bilan, vazirlik va idoralarda yagona mehnatga haq to‘lash tizimi joriy qilingunga qadar 15-maydan Milliy antidoping agentligi xodimlariga quyidagi miqdorda ko‘p yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama to‘lanadi (rag‘batlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsientlarda):

  • 1 yildan 3 yilgacha — 0,3;
  • 3 yildan 5 yilgacha — 0,6;
  • 5 yildan 10 yilgacha — 0,8;
  • 10 yildan 15 yilgacha — 1;
  • 15 yildan 20 yilgacha — 1,2;
  • 20 yildan yuqori — 1,5.

Mamlakat va xorijda o‘tkaziladigan musobaqalarda doping-sinamalar olish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro toifadagi doping ofitserlarni Xalqaro test agentligida (International Testing Agency) o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, antidoping nazorati va monitoringi sohalari raqamlashtirilishi ham belgilangan. Bunda doping-test va doping nazoratini tashkil qilish, sportchilar haqida ma’lumotlarni to‘plash va saqlashga qaratilgan sportchining “biologik pasporti” (ABP) onlayn tizimi joriy etiladi.

Bundan tashqari, sportchilar uchun antidoping ta’lim elektron platformasi hamda bosqichma-bosqich Sportda taqiqlangan moddalarni tekshirish milliy platformasi joriy etiladi.


O‘tgan yilning noyabr oyida kibersport turlarini rivojlantirish va ommalashtirishga oid prezident qarori qabul qilingandi.

Hujjat bilan, “Uzbekistan Esports Championship” turniri tashkil etilib, uning umumiy sovrin jamg‘armasi — 332 mln so‘m.