Damir Kakiyev qabul qiluvchi (resepshionist) dan bank rahbarigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtgan, Qozogʻiston bank sektorida (“UniCredit”, “Sberbank Kazakhstan”, “Alfa-Bank Kazakhstan”) 17 yildan ortiq tajribaga ega. Joriy yilda “Davr Bank” aksiyadori Damirni bankni transformatsiya qilishni tashkil etishga taklif qildi.
Damir “Big Money” online-universitetida tadbirkorlar uchun strategiya kursidan dars beradi. U yirik IT-kompaniya asoschisi, investor, besh yillik tajribaga ega tadbirkor, Qozog‘iston Milliy palatasi qoshidagi kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish qo‘mitasi a’zosi hisoblanadi.
Damir dars beradigan universitetda u barcha talabalarga oʻqishi kerak boʻlgan kitoblarni tavsiya qiladi:
- “Yaxshidan buyukka”, J. Kollinz;
- “Insoniyatning qisqacha tarixi”, “Kelajakning qisqacha tarixi”, “XXI asr uchun 21 saboq”, Yu. Xarari;
- “Unvonsiz yetakchi”, R. Sharma;
- “Kelajak tashkilotlarini kashf etib” F. Lalu;
- “Qora oqqush”, “Antifragility” N. Taleb;
- “Raqs maydonchasidagi fil”, E. Karasyuk (“Sberbank"ning transformatsiyasi haqida);
- “Biznes-modellarini qurish”, A. Ostervalder;
- “Sotish voronkasi” M. Solodar;
- “Qizil tabletka 1 va 2”, A. Kurpatov.
“Koʻp kitob oʻqishni “Sberbank"da ishlaganimda boshladim. Shu yillar davomida German Gref bank raisi bo‘lganligi omadim edi. Aynan u kitobxonlik madaniyatini joriy qilgan. Bankda biznes, iqtisod, moliya, psixologiya, madaniyat, xizmat ko‘rsatish va hokazolarga oid puxta saralangan kitoblar jamlangan katta kutubxona bor edi. Bank rahbariyati xodimlar uchun zarur adabiyotlarni maxsus tanlab olar, bu xodimlar fikrlashi va malakasini oshirishiga, hamda professional darajada rivojlantirishiga ishonardi”, deb eslaydi Damir Kakiyev.
Bu davrda u oʻz kutubxonasini va oyiga kamida bitta kitob oʻqish odatini rivojlantirdi. Bu rejimda u 5 yil davomida yiliga 12 tadan kitob oʻqidi.
Vaqt oʻtishi bilan odat oʻzgardi va endi Damir uchun kitoblar soni emas, balki muayyan vaziyatda kerakli yechimni izlash muhim. Shuning uchun u yo kitoblarni qayta oʻqiydi, yoki oʻz soʻrovi uchun aniq ma’lumotlarni qidiradi.
“Manba”, Ayn Rend
Bu asar menga yoqadi, chunki unda: “inson biror narsaga ishonsa, uni avaylaydi”, degan hikmat bor. Bu tashqi bosim ostida oʻz qarashlarini oʻzgartirmaydigan odam demakdir.
Manba — bu imkon qadar saqlab qolish va oshirishga harakat qiladigan ichki kuch. Bu kitob aynan shu kuch haqida.
Menga ushbu muallifning yana bir mashhur kitobi — “Atlant yelkalarini yoydi” yoqadi. Bu asar dunyoni oʻzgartirmoqchi boʻlgan odamlar haqida. Ular kimlardir oʻrnatgan qoidalar bilan yashamasdan, balki hamfikrlarni topib, dunyoni yaxshi tomonga oʻzgartiradilar.
“Yaxshidan buyuklik sari”, Jim Kollinz
Bu ishbilarmonlar uchun zarur boʻlgan kitoblardan biridir. Kitobni yozish uchun muallif “S&P 500” reytingidan koʻplab muvaffaqiyatga erishgan kompaniyalarni tahlil qiladi. Aslida, bu qoʻllanma kompaniyani nafaqat yaxshi, balki buyuk qilish imkonini beradi.
“Yaxshidan buyukka"ning asosiy tamoyilini hali ham eslayman — avval “kim”, keyin esa “nima”.
Bu shuni koʻrsatadiki, biror ishni amalga oshirishni boshlashdan oldin, avval uni kim bilan va keyin buni qanday amalga oshirishni koʻrib chiqish kerak.
“Baxt yetkazish”, Toni Shey
Oʻzbekistonda koʻplab kompaniyalar mijozlar bazasi uchun raqobatlashishga harakat qilib, buning uchun koʻplab innovatsion xizmatlarni yaratmoqdalar. Lekin eng muhimi, menimcha, sifatli xizmatga e’tibor qaratishdir.
“Baxt yetkazish” — korporativ madaniyatga xolakratiya tamoyilini kiritgan “Zappos” (AQShning poyabzal va kiyim-kechak sotiladigan onlayn-do‘koni — “Spot” izohi) misolidir. Bu ularga katta natijalarga erishish va oxir-oqibat kompaniyani “Amazon"ga $1,2 mlrdga sotish imkonini berdi.
Ushbu kitobni oʻqiganimdan keyin men uchun muhim tushuncha bu madaniyat strategiyadan koʻra muhimroq degan gʻoya boʻldi. Bu shuni anglatadiki, kompaniyani yaratishda xodimlarni asosiy maqsadlarga, “Zappos” misolida esa mijozlarga ajoyib xizmat koʻrsatishga yoʻnaltirish kerak. Shu sababli katta tushumga ega boʻladigan daromadli biznesni qurish mumkin.
“Muvaffaqiyatli insonlarning 7 ko‘nikmasi”, Stiven Kovi
Men bu kitobni har qanday xodim uchun asos deb bilaman. Har bir menejer quyidagi yetti koʻnikmaga ega boʻlishi kerak:
- Faol boʻlish.
- Yakuniy maqsadni tasavvur qilishdan boshlash.
- Avval birinchi navbatda nima qilish kerakligini qilish.
- Win-win haqida oʻylash.
- Birinchi navbatda eshitishga, keyin esa eshitilishga harakat qilish.
- Sinergiyaga erishish.
- Doimiy ravishda rivojlanish.
Kitobni oʻqiyotganda men win-win qobiliyatini payqadim. Koʻpchilik raqobatni yomon deb hisoblaydi. Aytaylik, bitta pirog bor, bunda har kim oʻzining cheklangan qismini oladi. Win-win qobiliyati ushbu qismni kattalashtirishga imkon beradi.
Bozorda yangi oʻyinchilar paydo boʻlganda, ular shunga mos ravishda bu pirogning ulushini oshiradilar. Koʻpchilik bunga ishonmaydi, lekin men win-win tamoyilini ishlaydigan vosita deb hisoblayman.
“Xolakratiya”, Brayan Robertson
Kompaniyada korporativ madaniyatni boshqarishning turli tizimlari mavjud.
Xolakratiya — bu menejmentdagi inqilobiy yondashuv boʻlib, unda har bir jamoa a’zosiga oʻzini yetakchi sifatida his qilish, oʻz oldiga maqsad qoʻyish va harakat qilish imkoniyati beriladi.
Ushbu boshqaruv texnologiyasi yordamida oʻz oldiga ulkan maqsadlarni qoʻyadigan, ularni amalga oshirish uchun mas’uliyatni oʻz zimmasiga oladigan, vakolatlarga ega boʻlgan, mos ravishda, tez ishlaydigan, keyingi maqsad yoʻlida bir-biri bilan samarali muloqot qiladigan jamoalarni yaratish mumkin.
Fikrimcha, xolakratiya bizning davrimizda maqsadli boshqaruv tizimi boʻlib, unda yirik kompaniyalar moslashuvchan, tezkor boʻlishi va tadbirkorlik ruhini yoʻqotmasligi kerak. Vertikal integratsiyalashgan xoldinglar “imillagan” boʻlib bormoqda, bu yerda barchasi belgilangan odamlarga qaratilgan.
Ushbu tizimda odamlarni boshqarish shart emas: har kim nima qilish kerakligini biladi. Rahbar kompaniyaning barcha xodimlari oldiga maqsadlar qoʻyadigan tizim uzoq vaqtdan beri eskirgan.
Hozirgi vaqtda yirik korporatsiyalar koʻplab startap-kompaniyalarga boʻlingan, ular doirasida xodimlar oʻz budjeti va maqsadlariga ega. Men kompaniyalarni oʻzgartirish aynan shu tamoyilga muvofiq amalga oshirilishi kerak, deb hisoblayman.
Ammo MDHdagi hamma kompaniyalar ham bunga qodir emas. Bank sohasida men ushbu strategiyani amalga oshira olgan “Tochka” bankini misol qilib keltirishim mumkin. Mening yaxshi doʻstim, bank asoschisi Boris Dyakonov, ehtimol, bunday boshqaruv tizimini joriy etishda kashshof boʻlgan.