“IT Park” “Coursera” bilan hamkorlikda uzbekcoders.uz onlayn kurslarining yangi mahalliy platformasini ishga tushiradi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, “Uzbekcoders” — “One Million Uzbek Coders” (OMUC) loyihasining yagona ta’lim portali ko‘rinishida qayta ishga tushirildi.
Maqsad yashash joyi, jinsi, daromad darajasi va tayyorgarligidan qat’i nazar, barchaga IT-ta'limni olish imkonini yaratishdan iborat.
Qayd etilishicha, bepul kurslar dasturi yangilanib, ro‘yxatga data science, sun’iy intellekt, texnologiya, biznes va soft skills bo‘yicha 10 mingta kurs qo‘shilgan.
Shuningdek, “Coursera” platformasi o‘quvchilari quyidagilarga ega bo‘lishlari mumkin:
- xalqaro bozorda tan olingan sertifikat;
- karyera boshlash yoki uni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan bilim;
- tanlovlarda, konferensiyalarda qatnashish;
- har qanday kursni muvaffaqiyatli tamomlagan taqdirda foizsiz kredit olish;
- muayyan kursga sarflangan mablag‘ning 50% gacha qismini qaytarib olish;
- 10 mingdan ortiq kurslarga yillik kirish imkoni.
O‘tgan yilning oktabr oyida “IT-Park” va “Coursera” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgandi.
Kelishuvga asosan, 2023-yildan 1,2 mln yoshlar ITning 3 ta asosiy yo‘nalishi — Frontend, Python course, IT-English bo‘yicha mazkur platformada onlayn kurslarda qatnashishi va tegishli sertifikatlarni olishlari mumkin.
Undan keyin, noyabr oyiba borib, “IT Park” “Coursera” platformasida 3 ta kursni tanlab olish bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazdi.
Yil boshida o‘zbekistonliklar “Coursera” platformasida 5 ta yo‘nalish bo‘yicha bepul ta’lim olishi ma’lum qilingandi. Kurslar o‘zbek tilidagi subtitrlar bilan beriladi.
Shuningdek, mamlakat platformaning barcha kontentidan foydalanish huquqini beruvchi 10 ming dona litsenziya sotib olishi ta’kidlangandi.