Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Misrning “Elsewedy Electric” hamda BAAning “Gulf Data Hub” kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mazkur xorijiy kompaniyalar bilan ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish maqsadida ma’lumotlar markazi (data center)ni tashkil etish muhokama qilindi.
Xususan, ma’lumotlar markazini qurish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, loyihani amalga oshirish bosqichlari hamda uni moliyalashtirish bo‘yicha fikrlar almashildi.
Fevral oyida “Elsewedy Electric” kompaniyasi O‘zbekistonda transformator ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishga qiziqish bildirayotgani ma’lum qilindi.
Unda kompaniya prezidenti Ahmad al-Suvaydiy Markaziy Osiyo bozoriga kirish asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilanganini ta’kidlagandi.
“Elsewedy Electric” kompaniyasi 1938-yili tashkil etilgan. Hozir qariyb 20 ta davlatda 30 dan ortiq korxonalari mavjud. Bundan tashqari, ularda 17 mingta xodim faoliyat yuritadi.
BAAning “Gulf Data Hub” kompaniyasi o‘z faoliyatini 2014-yilda boshlagan bo‘lib, korxonalarga ish vaqtini va operatsion xarajatlarini yaxshilashga yordam berishga ixtisoslashgan.
Kompaniya turli xil ma’lumotlar markazi yechimlari va xizmatlarini taklif etadi. Xususiy va davlat tashkilotlari va internet provayderlari uchun joylashuv xizmatlari shular jumlasidan.